Men bir gunoh ishni bundan buyogʻiga qilib qoʻysam 5000 soʻm ehson qilaman deb qasd qilib qoʻygan edim. Endi nima qilishim kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Inson ikki turdagi ish uchun nazr qilishi mumkin. Biri sodir bo'lmasligini istab, ikkinchisi, sodir bo'lishini istab, nazr qiladi. Ularning hukmi ham ikki xil bo'ladi. Agar sodir bo'lishini istab nazr qilsa, masalan, “Farzandim sog'ayib ketsa, shuncha pul sadaqa qilaman”, desa va bolasi sog'aysa, bu holatda aytilgan summani faqirlarga sadaqa qilishi lozim bo'ladi. Savolda so'ralgani kabi sodir bo'lishini istamaydigan ishga nazr qilsa va o'sha gunohni qilib qo'ysa, istasa, nazrini bajaradi, istasa, qasamning kafforatini to'laydi. Shunga ko'ra biror kishi gunohlardan saqlanish uchun "Agar bu gunohni qilsam, shuncha pul sadaqa qilaman" desa, bu nazr hisoblanadi. Agar u odam o'sha gunohni qilsa, aytgan summasini sadaqa qilishi vojib bo'ladi. Bu so'z bir ma'noda qasam bo'lgani bois nazrini ado etishga imkoniyati bo'lmasa, qasamning kafforatini to'lashi ham mumkin. Agar gunoh sodir bo'lgan vaqtda bunga imkoniyati bo'lmasa, hayoti davomida imkon topishi bilan ado qilib qo'yadi. Чunki nazr va qasam kabi narsalarda darhol bajarish vojib emas. Agar umri davomida ado etishga imkoni bo'lmasa, bu pullarni ado etishni vasiyat qilib ketadi. Agar vasiyat ham qilmasa, nazr qilgan odam gunohkor bo'ladi. Vallohu a'lam.