FARISHTALARGA IMON KELTIRISH

ID: 569

04.04.2025

40

Savol:

Farishtalarga imon keltirish deganda nima tushuniladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Farishtalarga ishonish iymon arkonlaridan bo‘lib, inson ularga iymon keltirmaguncha mo‘min bo‘lmaydi. Farishtalarga iymon keltirish aqiydamiz arkonlaridan biri ekaniga dalillar:

Alloh taolo "Baqara" surasida shunday deydi:

 آمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنزِلَ إِلَيْهِ مِن رَّبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آمَنَ بِاللّهِ وَمَلآئِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ لاَ نُفَرِّقُ بَيْنَ أَحَدٍ مِّن رُّسُلِهِ

«Rasul unga o‘z Robbidan nozil qilingan narsaga iymon keltirdi va mo‘minlar ham. Har birlari Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga iymon keltirdilar. «Uning rasullarining birortalarini ajratmaymiz», dedilar» (285-oyat).

Shu suradagi boshqa bir oyatda esa:

 وَلَكِنَّ الْبِرَّ مَنْ آمَنَ بِاللّهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ وَالْمَلآئِكَةِ وَالْكِتَابِ وَالنَّبِيِّينَ

«Lekin yaxshilik – Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, nabiylarga iymon keltirgan kishidadir», degan (177-oyat).

Alloh taolo "Niso" surasida:

وَمَن يَكْفُرْ بِاللّهِ وَمَلاَئِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَقَدْ ضَلَّ ضَلاَلاً بَعِيدًا

«Kim Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga va oxirat kuniga kufr keltirsa, batahqiq, butunlay zalolatga ketibdi», degan (136-oyat).

Alloh taolo Qur’oni Karimda farishtalarning sifatlari haqida bir qancha oyatlar nozil qilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham o‘z hadisi shariflarida farishtalar haqida siz bilan bizga kerakli ma’lumotlarni berganlar. Biz o‘sha sifatlarga iymon keltirmog‘imiz kerak.

  1. Imom Muslim Oisha onamizdan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Farishtalar nurdan yaratilgandirlar. Jinlar olovning tutunidan yaratilgandir. Odam sizga vasf qilingan narsadan yaratilgandir», deganlar.

Farishtalar nurdan yaralganini hozirgi zamon ilmi ham tasdiqladi. Ulamolar: «Farishtalar nurdan yaratilganlari uchun ham, nurning tezligi haddan ziyod bo‘lganidan ham ko‘zga ko‘rinmaydilar», deyishadi.

  1. Alloh taolo "Niso" surasida:

 لَّن يَسْتَنكِفَ الْمَسِيحُ أَن يَكُونَ عَبْداً لِّلّهِ وَلاَ الْمَلآئِكَةُ الْمُقَرَّبُونَ

«Masih ham, muqarrab farishtalar ham Allohga banda bo‘lishdan zinhor or qilmaslar», degan (172-oyat).

Bu oyatdan farishtalar Alloh taologa ibodat qilishi va Unga yaqin bo‘lganlari ham borligini bilib olamiz.

  1. Alloh taolo "Tahrim" surasida:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

«Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan olovdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar», degan (6-oyat).

Azob farishtalaridan hech kim qochib qutula olmaydi. Shu bilan birga, mazkur farishtalar Alloh taologa mutlaq itoatdadirlar, nima amr qilsa, o‘shanga og‘ishmay amal qiladilar. Bular ham farishtalarning muhim sifatlaridandir.

  1. Alloh taolo "Anbiyo" surasida:

وَقَالُوا اتَّخَذَ الرَّحْمَنُ وَلَدًا سُبْحَانَهُ بَلْ عِبَادٌ مُّكْرَمُونَ ۝  لَا يَسْبِقُونَهُ بِالْقَوْلِ وَهُم بِأَمْرِهِ يَعْمَلُونَ۝

«(Mushriklar) «Rohman farzand tutdi», deyishdi. U Zot pokdir. Yo‘q! Ikrom etilgan bandalardirlar. Undan oldin so‘z aytmaslar. Ular Uning amri ila amal qilurlar», degan (26-27-oyatlar).

Farishtalar Alloh yaratgan o‘ziga xos zotlardir. Boshqa oyatlarda ularning tabiatlari, ado etadigan vazifalari va boshqa xususiyatlari haqida so‘z yuritilgan. Bu oyatda ular jismoniy tuzilishlarining bir qismi, ya’ni ikki, uch, to‘rt qanotli bo‘lishlari haqida so‘z bormoqda. Biz «qanotli maxluqot» deganda qushlarni tushunamiz. Ularda ikkita qanot bo‘ladi. Ammo farishtalar ichida ikkitadan ko‘p qanotlilari ham bo‘lar ekan. Lekin farishtalarning asl tuzilishlarini Allohning O‘zi biladi.

Alloh taolo bilan bandalari o‘rtasida elchilik vazifasini o‘tagan Jabroil alayhissalom vahiy keltirib turgan. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga turli holatlarda ko‘ringan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar