SHAROIT YAXSHI BO‘LSA HAM NAMOZLAR QASR QILINADIMI?

ID: 882

04.04.2025

45

Savol:

Men o‘z uyimdan 200 km uzoqda xizmat safarida ishlayman. Har 10-12 kunda uyga 2-3 kunga boraman. Ishda men namozlarni qasr qilib o‘qiyman. Sharoitlar yaxshi, men namozimni qasr qilib o‘qishim shartmi bu holatda yoki to‘liq qilib o‘qisam ham bo‘laveradimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Sharoitlar yaxshi bo‘lsa ham musofir namozlarini qasr qilib o‘qiydi. "Sharoitim yaxshi to‘liq o‘qiyman", — deyish Alloh taoloning bizga qilgan marhamatini rad etish bo‘ladi.

Bir kishi uch kecha-kunduzlik (≈96 km) masofani niyat qilib, o‘z shahridan chiqsa musofir hisoblanadi. Qasd qilgan joyiga borgandan keyin, 15 kun yoki undan ortiq vaqt turishni niyat qilsa muqim (musofir bo‘lmagan) kishi hukmida bo‘ladi. Ammo 15 kundan oz muddatda qaytish rejasi bo‘lsa yoki qachon qaytishi noma’lum bo‘lsa, musofir hukmida qoladi.

Shariatimizda musofirga tegishli alohida hukmlar mavjud bo‘lib, ularning ba’zilari quyidagilar:   Musofir to‘rt rakatli farz namozlarni qisqartirib ikki rakat qilib o‘qiydi. Agar to‘rt rakat qilib o‘qisa makruh bo‘ladi. Chunki, Alloh taolo tomonidan berilgan qulaylik va imkoniyatdan yuz o‘girgan bo‘ladi. Sunnatlarni to‘liq o‘qiydi. Shom va vitr namozlarini esa o‘z holicha uch rakat o‘qiydi.

Musofir muqimga to‘rt rakatli namozda iqtido qilsa, to‘rt rakatni to‘liq o‘qiydi, ammo muqim musofirga iqtido qilsa, musofir salom bergandan keyin, muqim o‘rnidan turib, yana ikki rakaat o‘qiydi. Musofir kishi imom bo‘lganda, iqtido qilguvchilarga musofirligini bildirishi kerak bo‘ladi.

Musofir musofirlikdagi qazo bo‘lgan namozlarini qasr qilib, muqimlikdagi qazolarini esa to‘liq qilib o‘qiydi. Musofir mahsiga uch kecha-kunduz mash tortishi mumkin. ("Hidoya" kitobidan). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar