Yaqin tanishlarimga agar pul kerak bo‘lib qolsa, pul berib turaman. Har doim har xil miqdorda, masalan, 50 ming, 30 ming va hokazo. Qaytaraman deyishganida men ko‘pincha bu pullarni olmayman. Chunki ular ijarada yashashadi, ovqatiga ishlata qolsin, deyman. Bir o‘rtog‘im, agar kimgadir pul berib tursang, uni olishing shart ekan, yo‘qsa gunoh bo‘lar ekan, chunki bu qarz degandi. Savolim shundan iboratki, agar ular menga pulni qaytarmoqchi bo‘lishsa, men uni olishim shartmi? Yoki hozirgiday olmasam ham bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Qarzni kechmoqchi bo‘lgan kishi uni qo‘liga olishi shart emas. Haqdor kishi bergan qarzidan kechishi bilan qarzdorning zimmasidan qarz tushadi.
Darhaqiqat, qarzni qiynalgandan o‘tib yuborish bu katta ehson. Bu borada hadislarda bunday deyilgan:
عن أبي هريرة رضي الله عنه قال قال رسول الله صلي الله عليه وسلم من أنظر معسرًا أو وَضع له، أظلَّه اللهُ يومَ القيامةِ تحتَ ظلِّ عرشهِ، يومَ لا ظلَّ إلا ظلُّه رواه الترمذي
Hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim kambag‘alga muhlat bersa yoki uning qarzidan kechsa, Alloh taolo Qiyomat kuni O‘zining soyasidan boshqa soya yo‘q kunda O‘z Arshi soyasi ostida uni soyalantiradi”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Uning otasi yashirinib yurgan qarzdorni izlab topib oldi. SHunda u: “Qiynalib qolganman”, dedi. Abu Qatodaning otasi: “Allohga qasamki, Allohga qasamki” deb: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunining mashaqqatlaridan Alloh taolo uni xalos qilmog‘i kimni xursand qilsa, qo‘li kalta kishiga muhlat bersin yoki uni qarzini kechsin” deyayotganlarini eshitganman”, dedi”. (Imom Muslim rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.