AYOLIGA OTA-ONASINI ZIYORAT QILISHI UCHUN RUXSAT BERISH

ID: 239

04.04.2025

198

Savol:

Xotinim onasini uyiga hafta, o‘n kunda boradi. Qarshilik qilsam foydasi bo‘lmayapti. Qaynonamni chap qo‘li va chap oyog‘i yaxshi ishlamaydi, onamga yordam kerak, deydi. Lut alayhissalomning ham xotini kofir bo‘lgan uyidagi sirni o‘z qishloqdoshlariga sotgan deb eshitgandim. Ota-onam sabr qil deydi, siz nima deysiz?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Lut alayhissalomning kofir ayoli bilan muslima ayolni qiyoslash katta xato bo‘ladi. Buning ustiga ayol oiladagi sirni sotish uchun emas, bemor onasini ziyoratiga borayotgan bo‘lsa, masala butunlay boshqa-boshqa.

Ota-onangizning gaplari to‘g‘ri. Oila masalasida sabr va bag‘rikenglik bilan ish ko‘rish lozim.

Fiqh kitoblarimizda zikr qilinishicha, ota-ona o‘zi kelib turmush qurgan qizini ziyorat qila olmasa, unga vaqti-vaqti bilan, urfga muvofiq, ota-onasini ziyorat qilishi uchun ruxsat berib turish lozim. Agar kelinning ota yoki onasi uzoq muddat bemor bo‘lib yotib qolgan va qizining xizmatiga muhtoj bo‘lsa, xizmat qiladigan boshqa kishi bo‘lmasa, ularga xizmat qilish qizga vojib bo‘ladi. Hatto shu holatda ota yoki ona g‘ayridin bo‘lsa ham ularning xizmati lozim bo‘ladi, bu Qur’oni karimda buyurilgan:

وصَاحِبْهُما في الدنيا مَعرُوفاً

"Ularga (garchi kofir bo‘lsalar-da,) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin" (Luqmon surasi, 15-oyat), oyatidagi ota-onaga yaxshilik qilishdandir. Bu holatda er rozi bo‘lmasa ham, ota-onaning haqqi ustunlik qiladi ("Raddul muhtor" kitobi).

Holat haqiqatan ayolingiz aytgani kabi bo‘lsa, ota-onasiga xizmat qilishdan to‘smaslik kerak. Yaxshi niyat bilan ruxsat bersangiz, sizga ham savob bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar