Bizning bog‘imiz bor. Bog‘da turli xil mevali daraxtlar qatori bug‘doy va beda ham ekilgan. Bugun tongda bog‘imizga borsak, kimnidir qo‘ylari bug‘doyni va bedalarni payxon qilib yuribdi. Darhol qo‘ylarni haydab bir joyga qamab qo‘ydik. Endi shu qo‘ylarni egasidan yetkazilgan zararni to‘latsak bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bunday holatda qo‘yni egasi bog‘ingizga qo‘ylarni o‘zi haydab olib kelsa yoki qo‘ylarni bog‘ingizga kirishini bila turib bunga mone’lik qilmasa, yetkazilgan zararni to‘laydi. Lekin qo‘ylarni qo‘yxonada saqlayotgan bo‘lsasa-yu qandaydir sabab bilan chiqib ketgan yoki o‘tloqda boqiladigan qo‘ylar bo‘lib, bexosdan qo‘ylar o‘zi sizni ekininingizni payxon qilsa, qo‘yni egasi zararni to‘lamaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: "Bo‘sh yurgan hayvonlarning jinoyati (yetkazgan zarari) to‘lanmaydi", deganlar.
"Biror chorva hayvoni bog‘langan joyidan chiqib, kimnidir ekinini payxon qilsa yoki o‘tloqqa qo‘yib yuborilgan paytda biror kishini ekinini payxon qilsa, bu zararni egasi to‘lamaydi" ("Fatovoi hindiya" kitobi).
"Bo‘sh yurgan hayvonlar biror jonzotga yoki biror kishining mulkiga kechasi yoki kunduzida zarar yetkazsa, bunga uni egasi zomin bo‘lmaydi. Bunga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: "Bo‘sh qo‘yib yurgan hayvonlarning jinoyati to‘lanmaydi, degan so‘zlari dalildir" ("Durarul hukkam" kitobi).
Lekin diyonat jihatidan har bir kishi birovni mulkiga ziyon qilmasligi va o‘z luqmasini doim halol tutishi lozimdir. Zero ota-bobolarimiz chorva hayvonlarini uylaridan olib chiqishda, o‘zgalarning ekinzorlari yonidan olib o‘tayotgan vaqtda, suti va go‘shtida shubha bo‘lishidan ehtiyot qilib, og‘zini mato bilan bog‘lab qo‘yar edilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.