G‘ASSOLGA DAM SOLDIRISH

ID: 612

04.04.2025

68

Savol:

Ayrimlar janoza yoki ta’ziya marosimidan keyin tobi qochib qolsa g‘assollarning huzuriga borishadi. Ayrim g‘assollar kelgan kishiga paxta silab, keyin paxtani yoqib yuborishadi va g‘assol erkak bo‘lsa ham kelgan ayol kishining yelkasiga urib qoqib qo‘yadi. Bunday ishlarga dinimizning munosabati qanday?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Avvalo, janoza yoki ta’ziyaga borganim uchun tobim qochdi deb shumlanmaslik kerak. Chunki yomonlik, baxtsizlik Islom va imon sababli emas, balki gunoh va isyonlar sababli keladi. Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan, ba’zi ko‘ngilsizliklarni janozaga qatnashishdan deb bilmaslik kerak, zero janozaga qatnashish farzi kifoya va musulmonning musulmondagi haqqidir. Janozaga qatnashgan kishiga Uhud tog‘ichalik savoblar va’da qilingan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz alahissalom shunday deganlar:

لا عدوى ولا طيرة ويعجبني الفأل الصالح الكلمة الحسنة

“(Allohning iznisiz) kasalning yuqishi yo‘q va shumlanish yo‘q. Meni (Alloh haqida) yaxshi gumon – chiroyli so‘z xursand qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Agar g‘assol shar’iy dam solishni biladigan kishi bo‘lsa, tobi qochgan odam, uning huzuriga borib dam soldirishida zarar yo‘q. Lekin g‘assol, savolda aytilgani kabi, paxta silash va boshqa shu kabi shariatimizda yo‘q bid’at amallar bilan dam soladigan, nomahram ayollarni biror a’zosini ushlaydigan bo‘lsa, ularni oldiga aslo bormaslik kerak. Bunday hollarda shar’iy dam solishni biladigan imom-domlalarga murojaat qilish tavsiya qilinadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar