Bir tanishim: “Bir tandir somsani hammasini yeb yubora olaman”, dedi. Sotuvchi esa unga: “Agar, hammasini yeb yuborsang, pulini to‘lamaysan, lekin bir dona yoki bir luqma qolsa ham, hamma pulini to‘laysan”, deb shart qo‘ydi. Mazkur savdo joizmi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Yo‘q, bunday savdo durust emas. Chunki, birinchidan bu shart bilan savdolashishdir. Holbuki, dinimizda savdo taqozo qilmaydigan har qanday shart bilan savdolashishdan qaytarilgan. Bu haqida “Fosid bay”, ya’ni noto‘g‘ri savdo turlarini sanab, shunday deyilgan:
"وَالبَيْعُ بِشَرْطٍ لاَ يَقْتَضِيهِ العَقْدُ وَفِيهِ نَفْعٌ لأحَدِهِمَا" (مختصر الوقاية).
Ya’ni: “Savdo taqozo qilmaydigan va unda sotuvchi yoki xaridordan biriga manfaat mavjud bo‘lgan shart bilan savdo qilish ham fosid baydir (noto‘g‘ri savdodir)”. (“Muxtasarul-viqoya” kitobi). Yuqoridagi savdoda ham aynan shunday shartli kelishuv amalga oshirilmoqda. Ya’ni ma’lum bir taom (somsa)ni hammasini yeb yuborsa, pul to‘lamaydi. Demak, bunda xaridor uchun manfaat bor. Aksincha, shart bajarilmasa, hamma pulini to‘laydi va bunda sotuvchi uchun manfaat bor. Chunki u bir tandir somsani pulini oladi. Bu shart esa, bayni fosid qiladi.
Ikkinchidan, bu kelishuvda garov boylash ham mavjud bo‘lib, ikki tomondan biriga manfaat, ikkinchi tomonga zarar bo‘lsa, bu yerda qimor ma’nosi yuzaga chiqadi. Ma’lumki, Islom dinida qimor qattiq qoralangan va gunohi kabiralardan biridir. Alloh taolo “Moida” surasida shunday xitob qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
Ya’ni: «Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr (aroq), qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. SHaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. SHoyadki, najot topsangiz». (Moida: 90-oyat).
Uchinchidan, dinimizda to‘yganidan keyin taomlanish harom qilingan. Bu borada shunday deyilgan:
"وَإِذَا أَكَلَ الرَّجُلُ فَوْقَ الشِّبَعِ فَهُوَ حَرَامٌ فِي كُلِّ مَأْكُولٍ" (البحر الرائق شرح كنز الدقائق)
Ya’ni: "Kishi agar, to‘yganidan ortiq taom yesa, har qanday yemak bo‘lsin, harom bo‘ladi". (“Bahrur-roiq sharhu kanzud daqoiq” kitobi). Chunki to‘yganidan keyin taomlanishda inson salomatligi uchun jiddiy zarar bor. Shunga ko‘ra, yuqoridagi kabi shart va garov o‘ynash aralashgan hamda inson salomatligi uchun xavf tug‘diradigan savdo turlari shar’an nojoizdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.