ZANJIRLI YA’NI TARMOQLI MARKETING JOIZMI?

ID: 303

04.04.2025

76

Savol:

Ayrim firmalar ularning mahsulotini sotib olganingiz uchun sizga boshqa xaridor olib kelish huquqini taqdim etadi. Ular qo‘ygan shartlarga ko‘ra va ular aytgan miqdorda xaridor olib kelsangiz sizga ma’lum miqdorda mablag‘ yoki bironta qimmatbaho buyum beradilar. Bu ish joizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bugungi kunda bu ish turli ko‘rinishlarda va turli shartlarga ko‘ra amalga oshirilmoqda. Lekin ularning barchasida topiladigan holat ya’ni ularni jamlab turuvchi narsa mahsulot sotib olgan shaxs zanjir qatoriga qo‘shiladi va boshqa xaridorlar izlashga kirishadi. Gohida muvaffaqiyatga erishib ma’lum mablag‘larga ega bo‘lishi mumkin.

Bu ishlarning shar’iy hukmi kelishuv shartlari va holatlariga qarab o‘zgarib boradi:

  1. Agar mahsulotni sotib olishda savdo zanjiriga qo‘shilish ya’ni boshqa xaridor olib kelish shart qilinsa bu bay fosid hisoblanadi. Masalan, bir pachka dorini 100 dollarga boshqa xaridor olib kelish shartiga ko‘ra sotilsa joiz emas.

  2. Agar mahsulotni sotib olishda savdo zanjiriga qo‘shilish shart qilinmasa va sotib oluvchi unga qo‘shilmasa bu boshqa oddiy baylar kabi joiz hisoblanadi.

  3. Agar mahsulotni sotib olishda savdo zanjiriga qo‘shilish shart qilinmasa, lekin mahsulot o‘zinining bozordagi haqiqiy qiymatidan yuqori narxga sotilsa savdo zanjiriga qo‘shilish uchun uni sotib olish joiz emas. Masalan, ba’zi firmalar 200 dollarlik dorini 500 dollarga sotadi va sotib oluvchiga "Xohlasangiz zanjirga qo‘shiling va daromad oling, xohlasangiz yo‘q, shart emas" deb aytadi. Sotib oluvchining asl maqsadi dori emas, balki ana shu zanjirga qo‘shilib olish bo‘lsa bay joiz emas.

  4. Agar mahsulot o‘z narxida sotilayotgan bo‘lsa va uni sotishda zanjirga qo‘shilish shart qilinmasa, lekin uni sotib oluvchi zanjirga qo‘shilib daromad topish uchun sotib olsa va unga qo‘shilsa bu oldingi baydan alohida ish hisoblanadi. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra u vositachi yoki dallol hisoblanadi. Bunda vositachiga haq berish masalasi asosida hukm chiqariladi. Odatda bu shaklda yuritiladigan kelishuvlarda vositachi bir nechta, masalan ikkita xaridor topsagina beriladigan mablag‘ga haqli bo‘ladi. Bu tariqa kelishuv ham joiz emas.

Bundan tashqari u o‘zi topgan xaridorlar orqali topilgan odamlar hisobidan ham mablag‘ olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu xususda Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh quyidagilarni aytadi: "Tajriba shuni ko‘rsatdiki, ushbu holatlarda sotilayotgan mahsulot qimmatbaho, gohida bozorlardan topilmaydigan narsa bo‘ladi. Odamlar uni savdo zanjiriga qo‘shilish uchungina sotib oladilar. Bundan oldinroq firmalar mahsulotni sotmasdan ham bu ishni amalga oshirganlar. Ular odamlardan yaxshigina pul olib ularning qo‘liga birgina kartochka berganlar. Kartochkani olgan odam zanjirga qo‘shilgan va boshqa odamlarni unga qo‘shib ma’lum miqdorga yetganda ma’lum mablag‘larni qo‘lga kiritgan. Bu ayni qimorning o‘zginasi hisoblanadi. Bu "Piramida.." deb ataladi. Ko‘p davlatlar bu shakldagi savdo amaliyotini qonun bilan ta’qiqlab qo‘ydilar. Shundan keyin ular kartochka o‘rniga ba’zi mahsulotlarni narxidan balandroq narx evaziga sota boshladilar. Lekin, mazmun va maqsad piramida sistemasining ayni o‘zi. Buni ko‘p davlatlar hali ta’qiqlamadi. Lekin shariat hukmiga ko‘ra bu joiz emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar