EHROMNI QAERDAN BOG‘LANADI

ID: 145

04.04.2025

125

Savol:

Umra va haj uchun ehromni qayerdan bog‘lanadi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Yurtimizdan borgan hojilarimiz odatda tamattu’ hajini ado etishadi. Ya’ni ular Makka shahriga umra niyatida ehrom bog‘lab kelishadi. Umrani ado qilishganidan keyin toki haj kunlari kelguncha ehromdan chiqib yurishadi.

Haj amallari boshlanguncha umra qilmoqchi bo‘lgan kishilar Tan’im (Oisha onamizning) masjidiga chiqib ehromga kiradilar. Makkada turgan kishi hajga ehrom bog‘lamoqchi bo‘lsa, haram (ya’ni, mehmonxonadan) ehrom bog‘laydi. Bu hukm ko‘plab fiqh kitoblarimizda zikr qilinadi, masalan, Imom Marg‘iloniy shunday deydilar:

ومن كان بمكة فوقته في الحج الحرم وفي العمره الحل لأن النبي عليه الصلاة و السلام أمر أصحابه رضي الله عنهم أن يحرموا بالحج من جوف مكة وأمر أخا عائشة رضي الله عنهما أن يعمرها من التنعيم وهو في الحل ولأن أداء الحج في عرفة وهي في الحل فيكون الإحرام من الحرم ليتحق نوع سفر وأداء العمرة في الحرم فيكون الإحرام من الحل لهذا إلا أن التنعيم أفضل لورد الأثر به

Ya’ni: “Kim Makkada turgan bo‘lsa, uning miyqoti haj uchun haram, umra uchun esa hill (miyqotlar va haram o‘rtasidagi joylar)dir. Chunki Nabiy sallallohu alayhi vasallam sahobalarga haj uchun Makkaning markazidan ehrom bog‘lashni buyurdilar. Oisha onamizning akasiga esa, singlisini umra uchun ehrom bog‘lagani Tan’im masjidiga olib borishni buyurdilar. Tan’im hillda joylashgan.

Hajni ado qilish Arafotda bo‘ladi. Arafot hillda joylashgan. Safarning bir turi (ya’ni, qisqa safar) yuzaga chiqishi uchun hajning ehromi haramda bog‘lanadi. Umrani esa haramda ado etiladi, safar ma’nosi yuzaga chiqishi uchun uning ehromi hillda bog‘lanadi. Hadis vorid bo‘lgani sababli Umraning ehromini Tan’imda bog‘lash afzal" (“Hidoya” kitobi).

Mana shu ma’no barcha mo‘’tabar kitoblarimizda takrorlangan va bu so‘zga ixtilof qilgan ulamolar topilmaydi.

Demak, hojilarimiz birinchi umrani qilib, ehromdan chiqqanlaridan keyin yana umra qilmoqchi bo‘lsalar, masjidi Tan’imga borib ehrom o‘rab keladilar. Agar bu narsa ularga og‘ir bo‘lsa,  haj kunlari boshlanguncha yana qayta umra qilmagan kishi ham gunohkor bo‘lmaydi.

Haj kunlari kelganda esa, o‘zlari turgan mehmonxonadan ehrom bog‘laydilar.

Bunga teskari ish qilganlarning hukmi haqida shunday deyiladi:

وَلَوْ تَرَكَ الْمَكِّيُّ مِيقَاتَهُ وَأَحْرَمَ لِلْحَجِّ فِي الْحِلِّ وَلِلْعُمْرَةِ فِي الْحَرَمِ يَجِبُ عَلَيْهِ دَمٌ. الجوهرة

Makkada turgan kishi miyqotini tark qilib haj uchun hillda ehrom bog‘lasa yoki umra uchun haramda ehrom bog‘lasa, unga qon chiqarish (jonliq so‘yish) vojib bo‘ladi (“Javharotun-nayyiroh” kitobi).

Umra uchun mehmonxonada niyat qilgan kishi haram hududidan tashqariga chiqib, qaytib kirsa va umrani bajarsa, qon chiqarish soqit bo‘ladi. Shuningdek, haramdan tashqarida haj uchun ehromga kirgan kishi haramga qaytib kirib, so‘ng haj amallari uchun Mino va Arafotga chiqsa, qon chiqarish soqit bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar