Ka’bai muazzama ichida havoda muallaq turuvchi tosh bor deb aytishdi. Lekin Ka’baning rasmlarida bu narsaga ko‘zim tushmadi. Iltimos shu xaqida ozroq ma’lumot bersangiz.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ka’baning ichida havoda muallaq tosh borligi haqidagi gap-so‘zlar asossiz va voqelikka to‘g‘ri kelmaydi. Chunki u yerda g‘ayri tabiiy narsaning o‘zi yo‘q.
Hozirgi kunda Ka’bai muazzamaning ichki qismining tavsifi quyidagicha: Ka’baning ichi va devorlariga marmar plitalar yotqizilgan. Ushbu marmarlardan biri boshqalaridan rangi va tuzilishi bilan ajralib turadi. Makka shahri musulmonlar qo‘liga o‘tgach, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aynan ana shu yerda namoz o‘qiganlar. Shuning uchun shu joyda qilingan ibodat savobi ulug‘ hisoblanadi.
Devorlarda bir xil oraliqda Alloh uyini saqlash uchun qayg‘urgan buyuk shaxslarning ismlari va Ka’batullohda qilingan ishlarni yorituvchi matn va bezaklar ilib qo‘yilgan. Ka’ba shiftiga ipak mato qoplangan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.