Turmush qurganimga 8 oy bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im senda ko‘nglim yo‘q, deb ko‘p aytadilar. Buni xar bir ishlarida sezdirib turadilar. Boshida ketsang yaxshi bo‘ladi deganlar ham. Uydagilarini majburlashlari bilan yashab kelyapmiz. Meni 2 chi turmushimligi uchun qiynalsam ham chidab kelyapman. Shunday yashash mumkinmi, nima qilishni, qanday yo‘l tutishni bilmay qiynalib kettim. Hatto gapirgilari ham kelmaydi. Iltimos maslahat bersangiz.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Erkak ota-onasining qistovi yoki boshqa sabablar bilan bir ayolga uylanadi. Lekin turmush davomida unga hech mehri uyg‘onmaydi. Yillar o‘tgan sayin xotini yoqmay ketaveradi, erkak ham ajrashmay shunday mehrsiz turmushni davom etaveradi. Agar turmush qurishdan oldin ayol eriga yoqmagan bo‘lsa, u holda turmush davomida uni mehrini qozonishga harakat qilishi lozim.
Mehr qozonish uchun ayol avvalo o‘zining xotinlik burchlarini chiroyli ado qilishi va erining qarindoshlariga chiroyli muomala qilishi kerak. Xushmuomalalik, ochiq yuzlilik, tili shirinlik, erkalik, o‘z qadrini bilish va albatta jinsiy munosabatlarda ayolning ham faol bo‘lishi erkakni mehrini qozonishda eng oson yo‘ldir.
Lekin bu degani oilada faqat ayol ezilib yashashi kerak degani emas. Vaqti bilan ayol ham o‘z qadrini bilib, burchlarini chiroyli ado qilgani kabi, haqqini ham chiroyli talab qilishni bilsin. U ham oilaning bir a’zosi, uning ham oilada almashtirib bo‘lmaydigan o‘rni borligini eriga chiroyli uslubda anglatishi kerak. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.