HAR XIL NARXDA SOTISH

ID: 3069

06.10.2025

96

Savol:

Sotuvchining bir xil mahsulotni xaridorga qarab turlicha narxlashi, misol uchun, tanishlarga arzonroq, begonalarga yoki nasiyaga oluvchiga qimmatroq sotishi shariatimizga to‘g‘ri keladimi?

Javob:

Sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi savdo o‘zaro rozilik asosiga qurilishi lozim. Fiqhga ko‘ra, bir xil mahsulotni turli xaridorlarga turli narxlarda sotish, agar bunda aldov, majburlash yoki uyushgan shaklda bozor narxini sun’iy ravishda oshirish kabi omillar bo‘lmasa, aslida joizdir. Masalan, sotuvchi naqd pulga olganga arzonroq, muddatli to‘lovga olganga esa biroz qimmatroq sotishi yoki ulgurji va chakana xaridorlarga turlicha narx belgilashi mumkin.

Ammo, xaridorning soddaligi, tajribasizligi yoki bozor narxlaridan bexabarligidan foydalanib, unga boshqalarga nisbatan ancha qimmat sotish makruh sanaladi. Dinimiz savdoda bag‘rikenglik, saxovat va insofga chaqiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Sotganda, sotib olganda va haqqini talab qilganda karamli bo‘lgan kishini Alloh rahm qilsin», degan hadislari ham aynan shu ma’noni ifodalaydi (Buxoriy va Termiziy rivoyati).

Demak, savdo shar’an durust bo‘lsa-da, mo‘min kishi uchun taqvo va muruvvat yuzasidan barchaga imkon qadar bir xil va adolatli muomalada bo‘lish afzaldir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar