Dunyodagi oxirat uchun eng yaxshi, eng ko‘p savob beradigan ibodat yoki duo yoki amal qaysi? Allohga xush keladigan barcha amallar savoblidir, shularning eng afzali qaysi amal?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Mo‘min bandaga eng ko‘p savob olib keladigan amallar — farz amallardir. Masalan, farz namozlarini ado qilish, Ramazon ro‘zasini tutish, farz zakot (ushr)ni berish va haj qilish. Undan so‘ngra nafl ibodatlar keladi. Masalan, nafl namozlar, ro‘zalar, sadaqalar, umra va boshqa ibodatlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: "Alloh taolo: "Kimki Mening do‘stlarimga dushmanlik qilsa, Men unga urush e’lon qilaman. Bandam farzlarimga amal qilganchalik boshqa biror narsada Menga yaqin bo‘la olmaydi. Bandam Menga nafllar bilan yaqin bo‘lishda bardavom bo‘ladi, hatto Men uni yaxshi ko‘rib qolaman. Agar yaxshi ko‘rib qolsam, eshitadigan qulog‘i, ko‘radigan ko‘zi, ushlaydigan qo‘li, yuradigan oyog‘i bo‘laman. Agar Mendan so‘rasa, uni beraman. Agar Mendan panoh so‘rasa, panohimga olaman", dedi". Imom Buxoriy rivoyatlari.
Hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz alayhissalomdan eng afzal amal qaysi deb so‘ralganda turlicha javob berganlari ma’lum (masalan, Qur’on tilovati, doimiy zikrda bo‘lish, odamlarga taom yedirish, chiroyli xulq va hakazolar). Hadis ulamolari buni, javob savol so‘rovchining holiga qarab bo‘lgan, deb tushuntiradilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.