NAMOZLARNI KECHIKTIRIB O‘QISHGA SHARIATIMIZ RUXSAT BERADIMI?

ID: 413

04.04.2025

109

Savol:

Ish ko‘pligi sababli namozni o‘z vaqtida o‘qimasdan qazo qilib, fursat bo‘lganda ularni qazosini o‘qib berishga shariatimiz ruxsat beradimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Shariatimiz ish sababli namozni o‘z vaqtidan kechiktirishga ruxsat bermaydi. Kuniga besh mahal namozni o‘z vaqtida o‘qish Alloh taolo tomonidan buyurilgandir. Qiyomat kunida eng birinchi so‘raladigan amal namoz hisoblanadi. Tirikchilik yoxud dunyo ishlari bir mahal namozni ham o‘z vaqtidan kechiktirishga uzr bo‘la olmaydi. “Al-Bahrur roiq” va boshqa fiqhiy kitoblarimizda quyidagi o‘ta og‘ir va sanoqli vaziyatlardagina namozni o‘z vaqtidan keyin o‘qishga ruxsat berilgan:

1.  Enaga ayolning namozni o‘z vaqtida o‘qishi tug‘ilajak bolaning yoki tug‘ayotgan onaning aniq vafot etishiga sabab bo‘lsa; 2. Dushman bilan ayni urush bo‘layotgan jang maydonida; 3. Musofir namozini o‘z vaqtida o‘qisa, molu mulkini o‘g‘ri yoki yo‘l to‘sarlar egallab olishi aniq bo‘lsa.

Mana shu sanoqli holatlardagina namozni o‘z vaqtidan kechiktirib o‘qishga ruxsat berilgan xolos. Bundan boshqa har qanday holatda musulmon kishi namozni o‘z vaqtida o‘qishi farz bo‘ladi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, shariatimizda hatto, dushman bilan urush boshlanish arafasida bo‘lgan paytda ham namoz o‘z vaqtidan kechiktirilmasdan o‘qiladi. Lekin bunday paytdagi namoz odatdagidan biroz boshqacharoq uslubda o‘qiladi. Bu namozni kitoblarimizda  “xavf namozi” deyiladi.  Demak, urush boshlanishidan oldin, dushmanni ro‘parasida turgan paytda ham namozni o‘z vaqtida o‘qish farz bo‘lganidan keyin bundan boshqa tirikchilik yoki dunyo ishlari sababli namozni qazo qilishga shariatimiz aslo ruxsat bermaydi. Agar musulmon kishi namozni o‘z vaqtida o‘qishga chin ko‘ngildan harakat qilsa, qaysi ish bilan shug‘ullanishi yoki qaysi tashkilotda ishlashidan qat’iy nazar Alloh taolo har qanday vaziyatda ham unga sharoit yaratib beradi, inshaalloh. Shuni ham ta’kidlash kerakki, Alloh taolo bizni asosan, O‘ziga ibodat qilishimiz uchun yaratgan. Ibodatni to‘xtatib molu davlat topish uchun yaratmagan. Bu haqida Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنْسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ

ya’ni: “Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyat surasi 56-oyat).

Demak, biz nima uchun yaralgan bo‘lsak, shu vazifamizni birinchi navbatda bajarib, bundan boshqa barcha ishlarni keyin qilaveramiz. Faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib, tirikchiligimizni unutadigan bo‘lsak yoki faqat molu davlat topib, ibodatlarni vaqtida bajarmasak bizni ikki dunyoimiz obod bo‘lmasdan qoladi, Alloh saqlasin! Bu haqida Imom Suyutiy  rahmatullohi alayh o‘zlarini “Al-Jomi’us sog‘ir” asarlarida quyidagi hadisni keltirganlar:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "خَيْرُكُمْ مَنْ لَمْ يَتْرُكْ آخِرَتَهُ لِدُنْياهُ ولا دُنْياهُ لآخِرَتِهِ ولَمْ يَكُنْ كَلاًّ على النَّاس" (رواه الإمام الديلمي عن عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya’ni: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlarning eng yaxshingiz bu dunyosini deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va o‘zgalarga malol keltiruvchi bo‘lmaganingizdir” (Imom Doramiy rivoyatlari). Ushbu ta’limotlarga jonu dili bilan amal qilgan buyuk ajdodlarimiz va bobokalonlarimiz shariat ham, tariqat ham, ilm-fan sohasida ham butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.

Qolaversa, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

رِجَالٌ لَا تُلْهِيهِمْ تِجَارَةٌ وَلَا بَيْعٌ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَإِقَامِ الصَّلَاةِ وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ يَخَافُونَ يَوْمًا تَتَقَلَّبُ فِيهِ الْقُلُوبُ وَالْأَبْصَارُ

ya’ni: “Kishilar bordirki, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalg‘ita olmas. Ular dillar va ko‘zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo‘rqurlar” (Nur surasi 37-oyat).

Ishim ko‘p, namoz o‘qishga vaqtim bo‘lmayapti deydigan insonlarga javoban ulamolarimiz aytadilarki, vaqtni uni sizga bergan Zotdan ham qizg‘anasizmi? Alloh sizga kuniga yigirma to‘rt soat vaqt bersayu shuni atiga bir soatini Allohga sarflamaysizmi?

Darhaqiqat, Alloh bizga umr va vaqt ne’matini bergan ekan, birinchi navbatda namozimizni o‘z vaqtida ado qilib, boshqa ishlarni qolgan vaqtlarda bajarib ketaveramiz. Qolgan vaqt ham kam emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar