FOREX

ID: 2919

29.09.2025

244

Savol:

Onlayn Forex birjasida valyutalar bilan savdo qilish xalolmi?

Javob:

Foreks (FOREX) inglizcha “Foreign Exchange Market” ya’ni, "Xalqaro valyuta ayirboshlash bozori” manosini anglatadi. Foreks savdosi bu – bir vaqtning o‘zida bir pul birligini xarid qilish va boshqa bir pul birligini sotish amaliyotidir. Ushbu savdo amaliyoti broker (dallol) yoki diler (olib sotar) orqali va juft-juft holda (ya’ni valyutalar juftligida) amalga oshiriladi.

Shariatimizga ko‘ra pullarni bir biriga ayriboshlanganda evazlarni savdo majlisining o‘zida qo‘lga olish shart. Foreksdagi savdo naqd va nasiya ko‘rinishida amalga oshiriladi. Savdo kelishuvi nasiya bo‘lganida bu shartni topilmasligi aniq. Bu bilan uning nojoizligi kelib chiqadi.

Savdo kelishuvi naqd ko‘rinishda bo‘lganida esa quyidagi omillar sababli nojoiz hisoblanadi:

  1. Foreksdagi savdo kelishuvi naqd ko‘rinishda bo‘ladigan ko‘rinishida xorijiy valyutalarni ayirboshlash amaliyotida pul birligi sotilgandan so‘ng ikkinchi pul birligining kelib tushishi shu kunning o‘zida nihoyasiga yetkazilmaydi, balki ikkinchi to‘lov T+2 (two days after the transaction date – amaliyotdan so‘ng ikki kun ichida) amalga oshiriladi. Bu esa riboga oid shariatimiz qoidasiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu yuzasidan garchi Malayziya Markaziy banki Shariat kengashining 2003 yil 28 avgustdagi 38-majlisi “T+2 ko‘rinishidagi amaliyotlarni joiz degan qaror chiqargan bo‘lsada, zamonamizning ko‘zga ko‘ringan olimlaridan Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy “Foreks savdo kelishuvida sotilayotgan pullarning evazini savdo majlsida qo‘lga olish sharti topilmagani shariatda ribo sanaladi”, deganlar.

  2. Ko‘pincha foreks amaliyotida ishtirok etuvchilar o‘zlari ega bo‘lmagan narsani oldi sotti qilishadi. Bu bitim doirasida hech qanday pul birligi xarid qilinmaydi ham, sotilmaydi ham, ya’ni bu chayqov amaliyoti doirasida haqiqiy valyuta almashinuvi umuman sodir bo‘lmaydi. Barcha bitimlar amalda emas, faqat kompyuterdagi yozuvlar ko‘rinishida amalga oshiriladi. Bunday bitim ishtirokchilarining maqsadi valyuta olish yoki sotish emas, balki biror bir valyutaning muayyan vaqt oralig‘idagi boshqa bir valyutaga nisbatan narxi o‘zgarishida, ya’ni valyuta kurslari o‘rtasidagi tafovut ustida pul ishlashga harakat qilishdir. Shu jihatdan ham uni qimor deya e’tiborga olinadi.

  3. Ushbu amaliyotda g‘arar (ya’ni, noaniqlik) bor. Islom shariatida mavhumlik ustiga qurilgan har qanday bitim joiz emas. Chunki bu turdagi amaliyotning natijasi aniq emas. Haqiqiy savdoda esa sotilayotgan mol ham, olinayotgan mol ham aniq, molning narxi ham aniq bo‘ladi. Savdogarning maqsadi ham molni ma’lum narxda olish yoki sotish, pul birliklarining narxi o‘zgarishiga pul tikish emas.

  4. Gohida pul birjalari foreksda ishtirok etadigan ba’zi kishilarga ozgina pul tikib, tikkan pulidan ko‘proq pul bilan foreksda tijorat qilishga imkon beradi va pul birjasi qolgan pulni zimmasiga oladi. Lekin buning evaziga zimmasiga olgan puldan ko‘ra ko‘proq pulni ishtirokchilardan talab qiladi. Ya’ni gohida pul birjasi 10 ming puli bor kishiga foreksda 20 ming bilan savdo qilish imkonini beradi va pul birjasi qolgan 10 mingni zimmasiga oladi. Zimmasiga olgan 10 ming evaziga ishtirokchidan masalan, 15 ming talab qiladi. Bu esa riboni vujudga keltiradigan qarzdir.

  5. Foreks amaliyotida ishtirok etuvchilar muayyan bo‘lmagan pullarni oldi sotti qilishadi. Chunki shariatga ko‘ra pullarda ta’yin topish pulni qo‘lga olish bilan bo‘ladi. Foreksning aksar amaliyotlarida bu narsa topilmaydi.

Foreks amaliyotida shu va bundan boshqa Islom shariati ko‘rsatmalariga zid bo‘lgan omillarni hisobga olib Islom ulamolari foreksda savdo qilish sharan joiz emas, deya fatvo chiqarganlar (Manbalar: Islom Olami Robitasi qoshidagi Islom Fiqhi Akademiyasining hijriy 1427 yil (mel.2006 yil aprel oyi)da Makkai Mukarramada tashkil etilgan 18-yig‘lish Qarori, Shayx Muhammad Taqiy Usmoniyning “Fiqhul Buyu’” kitobi hamda zamonamiz ulamolarining mavzuga doir fatvolari).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar