"RO‘ZA ASLIDA BIR KUN"MI?

ID: 320

04.04.2025

23

Savol:

Bir kishi: "Ro‘za aslida bir kundir. O‘sha kun qaysiligi noma’lum ekanligi tufayli ro‘za oyi davomida ro‘za tutilishiga fatvo berilgan", dedi. Manbalarda o‘qigan ekan. Shu bo‘yicha ma’lumot bersangiz degandim oldindan rahmat! Bir oy farzligi haqida men unga qaysi manbani ko‘rsatsam bo‘ladi? Qaysi oyatni yoki hadisi qudsiydan biror hadisnimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

"Ro‘za aslida bir kun", degan gap asossiz, to‘qima gap. Hech kim bir kun uchun bir oy ro‘za tutishga fatvo bermagan, balki Alloh taolo Qur’oni karimda Ramazon oyida to‘liq ro‘za tutishga buyruq bergan:

فمن شهد منكم الشهر فليصمه

“Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin”, deb buyuradi (Baqara surasi 185-oyat).

Mana shu oyatni tafsirida Imom Tabariy aytadilar: "Mufassirlar aytadilarki, o‘z diyorida muqim bo‘lgan kishiga Ramazon oyi kirib kelsa, oyning hammasida ro‘za tutsin".

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Islom besh narsa ustiga qurilgan: Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deb guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakotni berish, baytni haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish”, deganlar. (Muttafaqun alayh, Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilingan). Boshqa hadisda esa: “Ramazon oyingizda ro‘za tutinglar”, deb buyurganlar. (Imom Termiziy Abu Umomadan rivoyat qilganlar). Bu ikki hadisdan ham bir oy to‘liq ro‘za tutish tushuniladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ro‘za farz bo‘lgandan keyin doim Ramazon oyida to‘liq ro‘za tutganlar va shunga buyurganlar.

Bu oyda sababsiz tutilmagan bir kunlik ro‘zani boshqa oylarda har qancha tutilsa, u savobni topa olmaydi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kim ruxsatsiz va kasal bo‘lmay turib, Ramazonda biron kun ro‘za tutmasa, garchi bir umr ro‘za tutsa ham, o‘sha bir kunning qazosini o‘tay olmaydi” (Termiziy rivoyati). Bu hadisda ramazonning har bir kunida ro‘za tutish muhimligi ma’lum bo‘ladi.

Lekin bu gapni aytuvchilar bilmasdan Qadr kechasini Ramazon oyi ro‘zasi bilan chalkashtirayotgan bo‘lishi ham mumkin. Abu Hanifa rahimahullohdan rivoyat qilinadi:

 أَنَّهَا فِي رَمَضَانَ ، وَلَا تُدْرَى أَيَّةَ لَيْلَةٍ هِيَ وَقَدْ تَتَقَدَّمُ وَتَتَأَخَّرُ ،

Qadr kechasi Ramazon oyidadir. Qaysi kechaligini avvaldan bilib bo‘lmaydi. Gohida oldinga, gohida orqaga ko‘chib turadi. ("Al-Fatovo al-hindiya" kitobi). Qadr kechasida qilingan savobli ishlar boshqa oylarda qilingan ming oylik ishlardan yaxshi bo‘ladi. Shuning uchun, har kuni bu kechani izlash mustahabdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar