Buvim 80 yoshdalar. Sog‘liklari yaxshi bo‘lmagani sababli Ro‘za tutolmayaptilar. Buvim tutolmayotgan kunlariga fidya bersalar bo‘ladimi? Agar mumkin bo‘lsa uni kimga beradilar? O‘z oila azolariga bersalar ham bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro‘za tutmasliklariga ruxsat berib, o‘rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan.
Birinchisi, qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar.
Ikkinchisi, surunkali kasal bo‘lib, odatda tuzalishiga umid bo‘lmagan va ro‘za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar.
Fidyani kimlarga bergan afzal: “Fatovoi hindiya” kitobining zakot bobida shunday javob berilgan: “Zakot, fidya va fitrni berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ng – ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ng – ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari, so‘ng – yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.