FIDYA MIQDORI QANCHANI TASHKIL ETADI?

ID: 173

04.04.2025

69

Savol:

Qariyalar ro‘za tutish o‘rniga fidya berishlari mumkinligi haqida eshitdim. Fidya miqdori qanchani tashkil etadi. Shu haqida ma’lumot bersangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Mazhabimizning barcha mo‘’tabar kitoblarida fidyaning fitr sadaqasi kabi ekanligi ta’kidlangan.

“Muxtasarul viqoya” kitobida:

وشَيْخٌ فَانٍ عَجز عَنِ الصَّوْمِ، أَفْطَرَ وأَطْعَمَ لِكُلِّ يومٍ مِسْكِيناً كالفِطْرَةِ

“Ro‘za tutishdan ojiz shayxi foniy (kuchdan qolgan qariya) ro‘za tutmay, har bir kun uchun fitr sadaqasi kabi bir miskinga taom beradi”.

“Bahrur roiq”da esa quyidagi ibora keladi:

 فَوَجَبَ الْفِدْيَةُ لِكُلِّ يَوْمٍ نِصْفَ صَاعٍ مِنْ بُرٍّ أَوْ زَبِيبٍ أَوْ صَاعًا مِنْ تَمْرٍ أَوْ شَعِيرٍ 

“Fidya har bir kun uchun fitr sadaqasidagi kabi bug‘doy va mayizdan 0,5 so’ (taqriban 2 kg), xurmo va arpadan 1 so’ (taqriban 4 kg) vojib bo‘ladi”.

“Muhiti Burhoniy”da mazkur masala quyidagicha ifoda etilgan:

فأما الشيخ الفاني يفطر، ويفدي يطعم عن كل يوم مقدار صدقة الفطر

“Shayxi foniy ro‘za tutmay, har bir kun uchun fitr sadaqasi miqdorida fidya beradi”.

Ma’lumki, dinimizda miqdorga oid barcha narsalar shariat tarafidan belgilab beriladi. Unga qiyos yoki inson aqli aralashishi mumkin emas. “Fathul Qodiyr” kitobida aytiladi:

أَنَّ الْمَقَادِيرَ لَا يَدْخُلُهَا الْقِيَاسُ

“Albatta, miqdorlarni belgilashga qiyos daxl qila olmaydi”.

Shu e’tibordan ro‘za tutishdan kuchi qolgan qariyalar, surunkali kasallik bilan og‘riyotgan bemorlarning ro‘za o‘rniga beradigan fidyalari xuddi fitr sadaqasi miqdoricha bo‘ladi. Xohlasa, belgilab qo‘yilgan narsalarning o‘zidan, xohlasa, ularning qiymatidan berishlari mumkin.

Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, fidyaning miqdori fitr sadaqaning miqdori bilan bir xil bo‘ladi. Shundan kelib chiqib mazkur kishilar har kunlik ro‘za uchun quyidagilardan birini berishi mumkin: a) Taqriban 2 kg bug‘doy yoki bozordagi o‘rtacha qiymati;   b) 4 kg arpa yoki uning qiymati, v) 2 kg mayiz yoki uning qiymati;  g) 4 kg xurmo yoki uning qiymati.

Tavsiya sifatida quyidagilarni qo‘shimcha qilishimiz mumkin. Kam ta’minlangan kishilar 2 kg bug‘doy yoki uning qiymatini yoxud 4 kg arpa uning qiymatini, o‘rta hol kishilar 2 kg mayiz yoki uning qiymatini, o‘ziga to‘q, badavlat insonlar 4 kg xurmo yoki uning qiymatini berishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tavfiq Allohdan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar