Ayol kishi operatsiya orqali ko‘zi yorigandan keyin qon ko‘rmay qolgan. Ma’lumki ayol qon ko‘rgan vaqtlarda er-xotin munosabatlari to‘xtatib turiladi. Qon ko‘rmaydigan bo‘lib qolgan holatda qanday yo‘l tutiladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Agar ayol kishi operatsiya yoki keksalik yoshiga yetish kabi omillar tufayli hayz ko‘rmay qolgan bo‘lsa, u doimiy ravishda pok hisoblanadi. Fiqhiy kitoblarimizda hayz kunlarining eng kami uch kun, eng ko‘pi o‘n kun, pok kunlarning esa eng kami o‘n besh kun, ko‘pining chegarasi yo‘q ekani aytilgan. Jumladan, “Muxtasarul viqoya”ning sharhi “Fathu bobil inoya” kitobida bunday deyilgan:
وأقلُّ الطُّهر خَمْسَة عشَرَ يَوماً ولا حَدَّ لأكثرِه لأنه قد يَمتدُّ إلى سنةٍ وإلى سنتين، وقد لا تحيضُ أصلاً،
“Poklikning eng kam muddati o‘n besh kun. Ko‘pining chegarasi yo‘q. Chunki u bir yil, ikki yilga ham cho‘zilishi mumkin. Ba’zida umuman hayz ko‘rmasligi ham mumkin”. Demak, ayollarga shariat tomonidan qo‘yilgan ayrim ruxsat va taqiqlar undan kelayotgan qon sababli ekan. Modomiki, qandaydir sabab bilan u to‘xtab qolgan ekan, unga pok ayollar qiladigan barcha ishlar halol bo‘ladi. Vallohu a’lam. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.