“Fathu bobil inoya” kitobi haqida ma’lumot bersangiz. Undagi fatvolarga ergashsak bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Bu kitobning to‘liq nomi “Fathu bobil inoya lii sharhi kitobin-nuqoya” bo‘lib, u hanafiy mazhabining zabardast olimi Mulla Ali Qori (vaf. 1606 y.) rahmatullohi alayhning qalamiga mansubdir.
Mulla Ali Qori xvi asrning eng yetuk allomalaridan bo‘lib, muhaddis, faqih, usulul fiqh olimi, mufassir, mutakallim, mutasavvif, tarixchi, qiroat, lug‘at va nahv olimi hisoblanadi. U kishining to‘liq ismi Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad Hiraviy Makkiy Qori bo‘lgan. Hirotda tug‘ilgani uchun “Hiraviy”, Makkada istiqomat qilgani uchun Makkiy deb nisbat berilgan. Qiroat ilmida mohir bo‘lgani uchun “Qori” nomi bilan mashhur.
Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh “Fathu bobil inoya” kitobini mashhur “Muxtasari viqoya”ga sharh sifatida yozgan. “Muxtasari viqoya” kitobining to‘liq nomi “An-Nuqoya muxtasari viqoya” bo‘lib, lekin ahli ilm va xalq orasida “Muxtasari viqoya” nomi ila mashhur. “Nuqoya” kitobini 745-hijriy sanada vafot etgan mashhur faqih Ubaydulloh ibn Mas’ud Hanafiy yozgan. “Muxtasari viqoya” kitobi Burhoniddin Marg‘iloniy (1123–1197) ning “Hidoya”lariga bog‘liq kitobdir. “Muxtasari viqoya” hanafiy mazhabidagi eng mashhur kitoblardan biri hisoblanadi. Chunki u bu mazhabdagi asosiy suyaniladigan to‘rt matndan biri bo‘lmish “Viqoya” kitobining qisqartirilganidir. Shu jihatdan "Muxtasari viqoya” kitobining sharhi bo‘lmish “Fathu bobil inoya” kitobi hanafiy mazhabidagi mo‘’tabar kitoblardan hisoblanadi. Shuningdek, unda hanafiy mazhabi masalalari Qur’on, sunnat, ijmo va usulul fiqh qoidalari asosida bayon qilib berilgan va jumlalar go‘zal va oson uslubda bayon qilingan. Undagi masala va fatvolarga ergashsa bo‘ladi. Faqat tarjih ashobiga xilof qilingan o‘rinlarda, ikki masaladan qaysi biriga fatvo berish ulamolar orasida ma’lum qoidalarga ko‘ra hal etiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.