FARZANDIMIZ VALADI ZINO EMASMI?

ID: 704

04.04.2025

248

Savol:

To‘ydan avval ayolim bilan zino qilib yurganman. Farzandimiz to‘ydan keyin tug‘ilgan. O‘sha farzandimiz bizga halolmi? Ba’zilar valadi zino deyapti?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Avvalo shuni yaxshi bilish kerakki, nikohdan oldin qiz va yigit garchi unashtirib qo‘yilgan bo‘lsada bir birlariga nomahram hisoblanadi. Ular bir birlari bilan xoli qolishi, uchrashib yurishi, zarurat bo‘lmasa, telefon orqali bo‘lsada gaplashib yurishi mutlaqo nojoiz ish. Bunday ishlarga tavba qilish, istig‘for aytish lozim bo‘ladi.

Bolaning halol-haromi bo‘lmaydi, balki uni dunyoga keltirganlar halol yoki harom ish qilgan bo‘lishadi. Bolada ayb yo‘q, hamma kasofat uning katta ma’siyat ish qilgan ota-onasida!

Savolning javobiga kelsak, agar bir kishi nikohdan oldin unashtirib qo‘yilgan qiz bilan zino qilgan bo‘lsa va nikohdan olti oy o‘tib bola tug‘ilsa unda bu bolaning nasabi shu erdan sobit bo‘ladi. Ya’ni nikohsiz bo‘lgan yaqinlik zino, gunohi kabira bo‘lsada, lekin tug‘ilgan bola valadi zino deyilmaydi. Ammo olti oy o‘tmasdan avval tug‘ilsa, bolaning nasabi mazkur erdan sobit bo‘lmaydi va bu bola zinodan tug‘ilgan, deyiladi. Shunday bo‘lsada mazkur er tug‘ilgan bolani o‘zidan ekaniga iqror bo‘lsa, bolaning nasabini unga nisbat berish mumkin bo‘ladi. Bu haqida “Durrul Muxtor” kitobida shunday deyiladi: “O‘zaro zino qilgan erkak va ayol keyinchalik nikohlansa, biror muddat kutmasdan jinsiy yaqinlik qilishlari halol bo‘ladi. Tug‘ilgan bola o‘sha erdan hisoblanib, uning nafaqasi mazkur erning zimmasiga lozimdir” (3-juz, 49-bet). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar