FARZANDGA OTA-ONA AJRASHGANINI QACHON AYTISH KERAK

ID: 4496

24.11.2025

72

Savol:

Singlimning turmushi o'xshamagan, bir nafar farzandi bor. Jiyanim uch yoshga kirgan, dadasini so'raydi, biz javob bera olmayapmiz. Biz yosh bolaga qanday tushuntirsak bo'ladi? Hozir haqiqatni aytishimiz kerakmi yoki ozroq jiyanimiz katta bo'lishini kutaylikmi? Biz jiyanimga haqiqatni aytsak, ruhiy zarba berib qo'ygan bo'lmaymizmi? Yoki keyinchalik aytsak, kelajagiga ta'sir qilmaydimi? Shu borada ulamolar nima deyishgan? Javob uchun oldindan rahmat.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Dinimizda yolg'on qoralangan amaldir. Har qanday vaziyatda ham rostgo'y bo'lish Allohning roziligiga eltuvchi xislatdir. Uch yoshli bolaga uning dunyoqarashiga moslab, haqiqatni hoziroq aytgan ma'qul. Bolaga mehr bilan «Dadang va oying alohida uylarda yashashadi, ular shunga qaror qilishgan. Lekin ikkalalari ham seni juda yaxshi ko'rishadi» deyilsa, barcha savollarga barham beriladi. Bu bolaning ruhiyatiga zarba bermaydi, aksincha, uni mavhumlikdan qutqarib, xotirjam qiladi.

Shuningdek, bolani otasiga nisbatan nafrat bilan ulg'aytirmaslik, agar shar'iy monelik bo'lmasa, silai rahmni uzmaslik lozimdir. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar