Qizim yaqinda 3-farzandini dunyoga keltirdi. Haligacha boshi kasaldan chiqmay juda ko‘p bora shifoxonaga tushib qoladi. Bunga sabab jonliq so‘ymaganimiz bo‘lishi ham mumkinmi? Umuman olganda farzand tug‘ilganda jonliq so‘yish dinimizda shart amal hisoblanadimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Yangi dunyoga kelgan bolaga shukrona sifatida aqiqa qilish, ya’ni biror jonliq so‘yish hanafiy mazhabiga ko‘ra mustahab amallardan sanaladi. Bu degani jonliq so‘yilsa, savob bo‘ladi, agar biror sabab bilan aqiqa qilish imkoni bo‘lmasa gunoh bo‘lmaydi.
Ba’zi hadisi shariflarda chaqaloq uchun so‘yilgan jonliq evaz, garov bo‘lishi, u sababli Alloh taolo bolaga yetadigan balo, tuzalmas kasalliklardan saqlashi ta’kidlangan. Jumladan Samura raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Har bir yangi tug‘ilgan go‘dak aqiqasi evaziga garovdadir. Uning uchun yettinchi kuni so‘yiladi, sochi olinadi va ism qo‘yiladi", — dedilar”. (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ushbu rivoyatga binoan aqiqa bola tug‘ilganining yettinchi kunida amalga oshirilsa, yaxshiroq bo‘ladi. Agar yettinchi kuni imkon bo‘lmasa o‘n to‘rtinchi kuni, agar o‘n to‘rtinchi kuni ham bo‘lmasa yigirma birinchi kuni bo‘lishi tavsiya etilgan. Ba’zi ulamolarimiz bola tug‘ilganidan keyin qachon bo‘lsa ham uning nomidan aqiqa sifatida jonliq so‘yilsa joiz bo‘lishi aytilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.