FARZAND TARBIYASIDA NIMALARGA E’TIBOR BERISH KERAK?

ID: 842

04.04.2025

16

Savol:

Bolani tarbiyali, aqlli, esli-xushli ota-onani hurmat qilishi uchun yoshligidan o‘g‘il qizlarga mana shu fazilatlarni singdirish uchun asosan nimalarga e’tibor berish kerak?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Farzand tarbiyasi ota-onaning zimmasidagi muhim va mas’uliyatli vazifalardan biridir. Farzand tarbiyasiga oid juda ko‘plab oyatlar va hadislar vorid bo‘lgan. Farzandlarning tarbiyali axloq-odobli bo‘lishida juda ko‘p omillar mavjud. Ayniqsa ota-onalarning xulq-odobi, oiladagi muhit, ular yashab turgan jamiyat, farzandlarning yaqin do‘st va og‘aynilari, ular o‘qiyotgan kitob yoki turli zamonaviy  texnik vositalar orqali tomosha qilayotgan video filmlarning ta’siri juda ahamiyatlidir.

Farzand tarbiyasi ota-onalardan alohida vaqt ajratish va muttasil ahamiyat berishni taqozo qiladi.  Farzandlar qulog‘i bilan emas, ko‘zi bilan tarbiya oladi? deb bejiz aytilmagan. Farzandlarimiz axloq-odobli bo‘lishini xohlar ekanmiz, avvalo ana shu odob-axloqni o‘zimiz amalda ko‘rsatib berishimiz lozim bo‘ladi. Farzandlar tarbiyasiga oid dinimizning ko‘rsatmalaridan xabardor bo‘lishimiz talab etiladi.  Farzand tarbiyasiga oid yozilgan kitoblarni o‘qish, hadislardan xabardor bo‘lish maqsadga muvofiqdir. 

Farzand tarbiyasida asosan quyidagilarga jiddiy e’tibor berish kerak bo‘ladi:

  • Farzandlarga halol luqma yedirish;

  • Ularga muntazam ravishda, tabiatlariga muvofiq tarzda diniy-ma’rifiy ta’lim berish;

  • Oilaviy muhitda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;

  • Ota-ona bolalarning ideal taqlidchilari ekanini unutmaslik;

  • Odob-axloqqa oid ozuqaviy, hikmatli voqea va hikoyalar so‘zlab berish;

  • Ularni kamsitmaslik;

  • Solih insonlardan ularning haqqiga duolar olish;

  • Ularning muddao va fikrlarini tinglay bilish;

  • Ularning do‘st va yaqinlariga ahamiyat berish;

  • Ularni kitob mutolaa qilishga odatlantirish. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar