Assalomu alaykum. Dinimizda faqat uchta joyni ziyorat qilishga buюrilgan, ya'ni Al-Aqso masjidi, Makka va yana bir joy aytiladi. Boshqa ziyoratlar shirk amallar deyiladi. Shu haqda hadislar bormi, bu gaplar qanchalik haqiqat?
Vaalaykum assalom. Siz eshitgan va «faqat uchta masjiddan boshqa joyni ziyorat qilish mumkin emas yoki shirk» degan da'vo, Ahli sunna val jamoa ulamolarining xulosalariga ko'ra noto'g'ri tushunchadir. Siz nazarda tutgan «Uchta masjiddan boshqasiga bel bog'lab chiqilmaydi» mazmunidagi hadisga kelsak, bu erda gap ibodat savobini ko'zlab qilinadigan safar haqida ketmoqda. Ya'ni, dunyodagi barcha masjidlarda o'qilgan namozning savobi bir xil, faqat Makkadagi Masjidi Harom, Madinadagi Masjidi Nabaviy va Quddusdagi Masjidi Aqso bundan mustasnodir. Hadisi sharif mana shu uch masjiddan boshqasiga «bu masjidda namoz o'qish afzalroq» degan e'tiqodda safar qilishni taqiqlaydi. Ammo bu hadis qarindoshlarni yo'qlash, ilm olish yoki solih insonlar va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qabrlarini ziyorat qilish uchun safarga chiqishni aslo taqiqlamaydi. Aksincha, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qabrlarini ziyorat qilish eng ulug' amallardandir.
Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, ziyoratni shirk deb atash ilmsizlik va g'uluvdir. Oysha onamiz (r.a.) va Fotima onamiz (r.a.) ham yaqinlarining qabrlarini ziyorat qilib turganliklari sobitdir. Muhimi, ziyorat vaqtida qabrga sajda qilish, o'likdan madad so'rash kabi shirk amallardan saqlanib, shariat odobi bilan turish lozim. Ziyoratchi qabr boshida Qur'on tilovat qilib, savobini mayyitga bag'ishlashi va Allohdan o'zi va o'tganlar uchun mag'firat so'rashi ham tiriklarga, ham vafot etganlarga ulkan manfaat keltiradigan xayrli amaldir. Vallohu a'lam.