Bizlarda go‘sht maxsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan tovuq fermasi bor. So‘yganda "Bismillah"ni bitta aytib, 1000 ta tovuqqa bag‘ishlash mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Jonliq so‘yishda bunday yo‘l tutish joizmas. Balki, jonliqlarni har birini so‘yish paytida alohida "Bismillah" aytishi lozim. Bu haqida Fiqhiy manbalarimizda quyidagicha masala zikr qilingan:
وَلَوْ أَضْجَعَ إحْدَى الشَّاتَيْنِ عَلَى الْأُخْرَى تَكْفِي تَسْمِيَةٌ وَاحِدَةٌ إذَا ذَبَحَهُمَا بِإِمْرَارٍ وَاحِدٍ ، وَلَوْ جَمَعَ الْعَصَافِيرَ فِي يَدِهِ فَذَبَحَ وَسَمَّى ، وَذَبَحَ آخَرَ عَلَى أَثَرِهِ وَلَمْ يُسَمِّ لَمْ يَحِلَّ الثَّانِي ، وَلَوْ أَمَرَّ السِّكِّينَ عَلَى الْكُلِّ جَازَ بِتَسْمِيَةٍ وَاحِدَةٍ
ya’ni: “Agar ikkita qo‘yni ustma-ust yotqizib, pichoqni bir tortishda ikkalasini ham so‘yadigan bo‘lsa, bitta “Bismillah” kifoya qiladi. Birov bir nechta chumchuqlarni qo‘lida tutib so‘ysa, so‘yishda “Bismillah”ni aytib birini so‘ysa va uning ortidan ikkinchisini “bismillah”ni aytmasdan so‘ysa, ikkinchisi halol bo‘lmaydi. Agar “Bismillah”ni aytganidan keyin pichoqni hammasining bo‘yniga bittada tortsa, hammasi halol bo‘ladi” (“Fatavoi Hindiya” kitobi).
Zamonamizdagi mashhur ulamolaridan Alloma Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh ayni shu masalada uzoq izlanishlar olib borganlar. U zotning izlanishlari xulosasi quyidagicha: "Bitta “Bismillah” bilan bir nechta hayvonlarni so‘yish joiz emas. SHuningdek, jonliq so‘yish uchun mo‘ljallangan texnik jihozni “Bismillah”ni aytib harakatga keltirgan kishi har bir tovuqqa alohida “Bismillah”ni aytgan bo‘lmaydi. Chunki uning aytgan “bismillah”i va minglab tovuqlar so‘yilishi o‘rtasida kamida soatlab vaqt o‘tib ketadi. Demak, ushbu aytilgan “bismillah” barcha so‘yilgan tovuqlarning halol bo‘lishiga kifoya qilmaydi. (“Buhus fi qazoya fiqhiya mu’osira” kitobi).
Demak, har bir jonliq so‘yilayotganda alohida “bismillah” aytish kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.