Assalom alaykum. Namozdan so'ng tashriq takbirini aytish esdan chiqib ketsa, zikrlar paytida yoki masjiddan chiqqanidan keyin esiga tushgan zahoti aytiladimi?
Vaalaykum assalom. Tashriq takbiri farz namozi yakunlangach, namozni buzuvchi biror amal aralashmasdan darhol aytilishi lozim. Agar namozxon masjiddan chiqib ketgan, gapirgan yoki qasddan tahoratini buzgan bo'lsa, takbir vaqti o'tgan hisoblanadi va u qayta aytilmaydi. Ammo joyidan jilmay yoki dunyoviy so'zlarni gapirmay, turli zikrlar bilan mashg'ul bo'lib turgan vaqtida esiga tushib qolsa, namozga tegishli holat buzilmagani uchun darhol takbirni aytib qo'yadi.
Ushbu masalada «Bahrur roiq» kitobida shunday deyiladi: وَأَمَّا مَحَلُّ أَدَائِهِ فَدُبُرُ الصَّلَاةِ وَفَوْرُهَا مِنْ غَيْرِ أَنْ يَتَخَلَّلَ مَا يَقْطَعُ حُرْمَةَ الصَّلَاةِ حَتَّى لَوْ ضَحِكَ قَهْقَهَةً أَوْ أَحْدَثَ مُتَعَمِّدًا أَوْ تَكَلَّمَ عَامِدًا أَوْ سَاهِيًا أَوْ خَرَجَ مِنْ الْمَسْجِدِ أَوْ جَاوَزَ الصُّفُوفَ فِي الصَّحْرَاءِ لَا يُكَبِّرُ... وَالْأَصْلُ أَنَّ كُلَّ مَا يَقْطَعُ الْبِنَاءَ يَقْطَعُ التَّكْبِيرَ وَمَا لَا فَلَا. «Uning ado etilish o'rni namozning orti va namoz hurmatini kesuvchi biror amal aralashmasdan oldingi darhol keladigan vaqtdir. Hatto agar kishi qahqaha otib kulsa, qasddan tahoratini buzsa, qasddan yoki unutib gapirib qo'ysa, masjiddan chiqsa yoki sahroda saflardan o'tib ketsa, takbir aytmaydi... Asosiy qoida shuki, namoz ustiga bino qilishni (ya'ni, uni davom ettirishni) kesadigan har qanday amal takbirni ham kesadi, unday bo'lmasa yo'q».
Vallohu a'lam.