Musulmon kishining ko‘nglida aqida masalasida shubha paydo bo‘lsa nima qilishi kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Musulmon kishining ko‘nglida aqida bobida yoki dinning muhim masalalari to‘g‘risida shubha o‘yg‘onsa, quyidagi ishlarni amalga oshirishi lozim bo‘ladi: Umumiylikka ko‘ra Alloh taoloning nazdida to‘g‘ri bo‘lganiga imon keltiradi. Ya’ni: “Alloh taolodan kelgan barcha hukmlarga Alloh xohlagani kabi imon keltirdim, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan kelgan barcha hukmlarga U zot iroda qilganlaridek imon keltirdim, islom shariatiga imon keltirdim va uni tasdiq qildim, islomga zid bo‘lgan barcha dinlardan uzoq bo‘ldim”, – deydi. O‘zi shubha qilgan masalaning tafsilotini so‘rash uchun ulamolardan birini izlaydi. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh qalbda paydo bo‘lgan e’tiqod masalasiga tegishli shubhani ketkazish vojibligi va uni hal qilishdan to‘xtab turib bo‘lmasligi to‘g‘risida qattiq ogohlantirganlar. Chunki bu ishni paysalga solish din haqida shak qilishga olib keladi. Shak qilish esa qat’iy ishonch ustiga bino bo‘lgan aqidaga zid bo‘lgani uchun shariatni inkor qilish hukmida bo‘ladi. Bu haqda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deydilar:
وإذا أشكلَ على الإنسانِ شىءٌ مِنْ دقَاِئِق علمِ التوحيدِ فينبغِي لهُ أنْ يعتَقِدَ في الحالِ ما هوَ الصوابُ عندَ اللهِ تعالى، إلى أنْ يجِدَ عالـمًا فيسألُهُ، ولا يسعُهُ تأخيرُ الطَلَبِ، ولا يُعْذَرُ بالوقفِ فيهِ، ويَكفُرُ إنْ وَقَفَ
ya’ni: “Insonga tavhid (e’tiqod) ilmining nozik masalalarida biror narsa tushunarsiz bo‘lib qolsa, o‘sha zahotiyoq, toki masalani so‘rab, o‘rganadigan bir olim topgunicha Alloh taoloning nazdida to‘g‘ri bo‘lganiga e’tiqod qiladi. Javob izlashni kechiktirishi mumkin emas. To‘xtab turishga uzr yo‘q. Shubhalarida to‘xtab qolsa, kufrga ketadi”.
Buning ma’nosi, masalan bir kishiga Alloh taoloning ism va sifatlari haqida biror masala tushunarsiz bo‘lsa, unga mushkil bo‘lgan masalani yechadigan yetuk olimni izlashi vojib bo‘ladi. Agar mushkil masalani so‘rashdan beparvo bo‘lsa, gunohga qoladi. Chunki kechiktirish qalbda shakni ziyoda qiladi. Shuning uchun kishi so‘rab bilishdan to‘xtasa va bu sustkashligi uning qalbida shak-shubha mahkam o‘rnashishiga olib kelsa, darhaqiqat, beparvolik sababli kufrga tushadi. Vojib bo‘lgan ilmni talab qilmagani uchun malomatga qoladi. Uning holati Alloh taolo Qur’oni karimda aytganidek bo‘ladi:
إِنَّ اللَّهَ لَا يَظْلِمُ النَّاسَ شَيْئًا وَلَكِنَّ النَّاسَ أَنْفُسَهُمْ يَظْلِمُونَ
ya’ni: “Albatta, Alloh odamlarga biror narsada zulm (nohaqlik) qilmaydi. Lekin odamlar o‘zlariga zulm qiladilar” (YUnus surasi 44-oyat).
وَاللَّهُ يَهْدِي مَنْ يَشَاءُ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ
ya’ni: “Alloh O‘zi xohlagan kishilarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagay” (Baqara surasi 213-oyat). Tavfiq Allohdandir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.