ERNING ROZILIGISIZ HAM AYOL XULU’ QILA OLADIMI?

ID: 891

04.04.2025

128

Savol:

Ayol eri bilan o‘n sakkiz yil yashadi, bitta bolalari bor, lekin ayolni ko‘ngli yo‘q va yaqinlik ham o‘n to‘rt yildan beri bo‘lmaydi... Ayol eridan taloqini so‘rasa ham bermayapti. Erini gunohkor bo‘lishida uyam aybdor bo‘lyapti. Shunga savollarim quyidagicha: 1 Ayol xulu’ qilsa bo‘ladimi o‘zi rozi bo‘lgan holda, er bergan mahrini qaytarib berib va eri norozi bo‘lsa ham?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Er rozi bo‘lmasa ayol xulu’ qilib, ajralib keta olmaydi. Xulu’da o‘zaro kelishuv bilan mahrga berilgan narsaning o‘zi yoki qiymatini qaytarish mumkin. Ayol onasini uyida qancha vaqtdan beri tursa ham, eri taloq yoki xulu’ qilgandan boshlab iddani hisoblab boshlaydi. Oila masalasini avvalo er-xotin o‘zaro kelishib hal qiladilar, buni iloji bo‘lmasa, ikki oilaning kattalari, buning ham iloji bo‘lmasa, mahalla, oxirgi chora esa sudga murojaat qilish bo‘ladi. Xulu’ – ayol tomonidan mahrni qaytarish yoki ma’lum bir mol evaziga taloq so‘rashdir.

Erkak kishi ayoli oldidagi dinimiz yuklagan vazifalarni bajarib turgan bo‘lsa, agarchi haqqi bo‘lsada, xotin xulu’ yoki taloq talab qilishi gunoh va shariatimiz qaytargan ishdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:

أيما امرأة سألت زوجها طلاقا في غير ما بأس فحرام عليها رائحة الجنة " (رواه أحمد والترمذي وأبو داود وابن ماجه والدارمي عن ثوبان رضي الله عنه)

ya’ni: “Qaysi bir ayol eridan sababsiz taloq so‘rasa, unga jannatning hidi ham harom bo‘ladi" (Imom Ahmad va boshqa sunan egalari rivoyat qilishgan).

Demak, ayol kishi jiddiy sabab bo‘lmasdan “unday bo‘lsa, meni javobimni bering”, deb erining jig‘iga tegmasligi kerak. Aks holda er ham jahl ustida taloq qilish ehtimoli katta bo‘ladi. Oila buzilishidan esa ko‘proq ayollar zarar ko‘rishadi. Er ham, xotin ham shaytonning nishoniga aylanadi. Buning ustiga musulmon uchun abadiy oxirat hayotida jannatdan bebahra qolish katta hasratdir.

Er-xotin bir-biri bilan hech kelishmasa, Alloh taoloning oila to‘g‘risidagi buyruqlarini bajara olishlariga ko‘zlari yetmasa va er evaz olmasdan xotinini taloq qilishni xohlamasa, ayol mol (pul) evaziga talog‘ini olishida gunoh yo‘q. Mol evaziga talog‘ini olishni xulu’ deyiladi. Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

أَنَّ امْرَأَةَ ثَابِتِ بْنِ قَيْسٍ أَتَتْ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَتْ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ثَابِتُ بْنُ قَيْسٍ مَا أَعْتِبُ عَلَيْهِ فِي خُلُقٍ وَلا دِينٍ ، وَلَكِنِّي أَكْرَهُ الْكُفْرَ فِي الْإِسْلَامِ. فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : (أَتَرُدِّينَ عَلَيْهِ حَدِيقَتَهُ ؟ قَالَتْ : نَعَمْ . قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : اقْبَلْ الْحَدِيقَةَ وَطَلِّقْهَا تَطْلِيقَةً).

ya’ni: “Sobit ibn Qaysning xotini Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: “Ey, Allohni Rasuli! Sobit ibn Qaysni xulqi va dinida ayblay olmayman, lekin Islomda noshukrlik (erga noshukrlik, erni yomon ko‘rish)ni xush ko‘rmayman”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Unga bog‘ini qaytarib berasizmi?” – dedilar. U: “Ha, qaytaraman”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Ey, Sobit!) bog‘ni qabul qilingda, uni bir taloq qiling” – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar