ERNING ROZILIGI MAHR O‘RNIGA O‘TADIMI?

ID: 668

04.04.2025

66

Savol:

Ayol kishi turmushga chiqayotganida bo‘lajak eriga: “Mendan rozi bo‘lishingizni o‘zi menga mahr uchun yetarli, boshqa mahr kerakmas” desa, keyin er o‘zining roziligini mahr sifatida bersa, shu shariatimizda joiz bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

«Mahr» nikoh aqdi tuzulganidan keyin erning zimmasiga vojib bo‘ladigan narsaning nomidir. Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi:

وَآتُواْ النَّسَاء صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَة

"Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering" (4-oyat).

Nikoh aqdi amalga oshishi bilan mahr berish erga vojib bo‘ladi. Berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi talab etiladi va mahr kelinning shaxsiy mulki bo‘ladi.

Mahr berish farz amal hisoblanadi. Hatto shundayki, kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz, deyishga ham imkonlari yo‘q. Agar bilimsizlik oqibatida yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahr belgilanmay, nikohlanib ketgan bo‘lsalar ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Hattoki, er mahrni berishdan oldin vafot etib qolsa ham, merosxo‘rlari mahrni ado etishlari lozim bo‘ladi.

Mahrning ozi o‘n dirhamdir. Bu – nisobga yetgan molning yigirmadan biri deganidir. Ushbu ma’lumotga suyanib, har bir davrdagi mahrning eng oz miqdorini belgilash oson bo‘ladi. Buning uchun o‘sha davrning zakot nisobi, mazkur miqdorning yigirmadan biri aniqlansa, eng oz mahr miqdori chiqadi.

عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا مَهْرَ أَقَلَّ مِنْ عَشْرَةِ دَرَاهِمَ. رَوَاهُ الدَّارَقُطْنِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "O‘n dirhamdan oz mahr yo‘q", – dedilar" (Imom Doraqutniy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilganlar).

Bevosita savolga kelsak, mahr moddiy qiymatga ega bo‘lgan narsani berish bilan amalga oshadi. “Erning roziligi”, “Qur’oni karim ta’lim berish”, “Hajga olib borish” kabi ma’naviy narsalar mahr bo‘lmaydi. Mahr – kiyim, taqinchoq yoki shunga o‘xshash mulk bo‘ladigan va halol narsa bo‘lsa joiz. Kuyov taraf o‘n dirham yoki uning qiymatidan oz miqdordagi narsani mahr deb aytgan bo‘lsa, baribir o‘n dirham yoki uning qiymatidagi narsani berishi lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.  

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar