ERIMNING VA’DASI BUZILGANDAN KEYIN TALOQ KUCHGA KIRADIMI?

ID: 3050

05.10.2025

164

Savol:

Assalomu Aleykum, savolim nikox va taloq masalasiga oid . Turmush qurganimizga mana 5 yil bulibdiki yangi turmushimizdan buyon erimning buzuq bir odati bor. Birga yashab kelgan paytimizdan boshlab iltimos qilaman bu ishizni qilmang deb soradim aytdim tushuntirdim urushibam oldim har gal vada beradida barbir lekin shu ishini qilaveradi oxir oxibat mening bosimim ostida axiyri undan agar yana shu ishini qilsa unga taloq bulishimni vadasini oldim Ya’ni agar yana shu ishga qul ursam menga taloqsan deb boshqa bu ishni qilmasligini aytdi shoyadki shundan keyin bu qiligini tark etsa db shunga umid qiluvdim lekin yaqinda yana shu axvolga kuzim tushdi yani vadasini buzdi bu holatda nikoximiz buzilgan hisoblanadimi?

Javob:

Va alaykum assalom. Siz va xo‘jayiningiz o‘rtasidagi holatni shariatda ta’liq taloq (ya’ni biror ishga ta’alluqli taloq) deyiladi. Er ayolining talog‘ini biror shartga bog‘liq qilishi “ta’liq” deb yuritiladi. Er xotinining talog‘ini biror shartga bog‘liq qiladigan bo‘lsa va ana shu shart bir marta topilsa, taloq tushib, mazkur ta’liq (ya’ni erning so‘zi) o‘z kuchini yo‘qotadi. Nikoh yangilanganidan so‘ng mazkur shartning topilishi nikohga ta’sir o‘tkazmaydi.

Birgina holat bundan mustasnodir. Ya’ni agar er ayolining talog‘ini biror shartga bog‘laganda, “Har qachon" kabi doimiylikni ifoda qiluvchi so‘z ishlatgan bo‘lsa, unda shart topilgan har bir vaziyatda taloq tushaveradi. Bu borada bir qator fiqhiy kitoblarda ma’lumotlar berilgan. Jumladan “Durrul-muxtor”da shunday deyiladi:

(ﻭﻓﻴﻬﺎ) ﻛﻠﻬﺎ (ﺗﻨﺤﻞ) ﺃﻱ ﺗﺒﻄﻞ (اﻟﻴﻤﻴﻦ) ﺑﺒﻄﻼﻥ اﻟﺘﻌﻠﻴﻖ (ﺇﺫا ﻭﺟﺪ اﻟﺸﺮﻁ ﻣﺮﺓ ﺇﻻ ﻓﻲ ﻛﻠﻤﺎ ﻓﺈﻧﻪ ﻳﻨﺤﻞ ﺑﻌﺪ اﻟﺜﻼﺙ)

ya’ni: “Yuqoridagilarning barchasida shart bir marotaba topilishi bilan ta’liq botil bo‘ladi. Magar “Kullama” (“har qachon”) so‘zi bundan istisnodir. Chunki bunda ta’liq uch (taloq)dan so‘ng yechiladi.” Ya’ni o‘z kuchini yo‘qotadi.

Shunga ko‘ra sizning holatingizda eringiz tomonidan qo‘yilgan shart bir marotaba topilganda ta’liq o‘z kuchini yo‘qotgan va yangi nikohingizga eski ta’liqning aloqasi yo‘q.

Er-xotinlardan har birlari o‘zlarining zimmalaridagi huquq va majburiyatlarini bilib olishlari zarurdir. Ko‘pincha o‘zlarining huquq va majburiyatlarini bilmasliklari oqibatida oilaviy mojarolar kelib chiqadi. Erning ayoli ustida bir qator huquqlari bo‘lgani kabi zimmasida majburiyatlari ham mavjud. Xuddi shuningdek, ayolning ham er ustida huquqlari bo‘lganidek, bir qator majburiyatlari ham bor. Ayol erning uyi va uning molu-mulkiga omonatdordir. Farzandlarining tarbiyasidan mas’uldir. Erning uyiga uning iznisiz begonalarni kiritishi aslo mumkin emas. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar:

( لَا يَحِلُّ لِلْمَرأَةِ أَن تَصُومَ وَزَوجُهَا شَاهِدٌ إِلاَّ بِإِذنِهِ ، وَلَاْ تَأْذَن فِي بَيتِهِ إِلاّ بِإِذنِهِ ) رواه البخاري عن أبي هريرة رضي الله تعالى عن

ya’ni: “Eri hozir bo‘lgan xotin (nafl) ro‘za tutishi halol emas. Magar eri ruxsat bersa mumkin. Erning uyiga (begonaga) kirish uchun izn berishi mumkin emas. Magar erining ruxsati bilan kirishga ruxsat berishi mumkin” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar