ERIMNING TOPGANI BIZGA HALOLMI?

ID: 518

04.04.2025

34

Savol:

Yemlab boqayotgan qo‘yimiz o‘lib qoldi. Xo‘jayinim uni kolbasa sexiga topshirdi. Shuni puli bizga halolmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Erning ushbu qilayotgan ishi shariatimizga ko‘ra halol emas. Chunki o‘limtiknining o‘zi ham, uning puli ham harom hisoblanadi. Bu haqida ulamolarimiz shunday deganlar: "Oquvchi qon va o‘limtik kabi shariatda qiymatga ega bo‘lmagan narsalarning savdosi botildir" ("Roddul Muhtor" kitobi).

Er kishi haloldan mablag‘ topishi va ahli-oilasi va farzandini halol yedirib ichirishi kerak. Agar er harom mablag‘ bilan oilasini boqsa, ularning ham gunohini zimasiga olgan bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Haromdan o‘sgan go‘sht (jasad) jannatga kirmaydi", — deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Agar er harom rizq bilan nafaqa qilsa, unga buning oqibati tushuntiriladi va haloldan pul topishi uning burchi ekani eslatiladi. Agar er bosh tortsa va uning ayoli va farzandlarining qo‘lida kasbi bo‘lmasa, ularga oila boshlig‘ining topganidan zarurat miqdorichasi joiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar