Ancha yillar avval erimdan ajrashdim. Keyinchalik sog‘lig‘im yomonlashishi tufayli bir insonga turmushga chiqdim. Uyimdagilar bu nikohdan xabarlari bor. Ammo bu erim uyidagilariga aytmagan ekan. Onasi bilib qolib, yo meni yoki uni tanlaysan, deb shart qo‘ydi. Erim tabiiyki, onasini tanladi. Mahrimga uy olib beraman deb va’da qilgan edi. Hozir ijarada qiynalib yashayapman. Erimdan mahrim bo‘lgan uyni talab qilishga haqqim bormi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Alloh taolo O‘zi yengillik bersin. Holatingizni o‘zingiz o‘ylagan go‘zal holatga aylantirib bersin. Aksar holatlarda uydagilar bilmaydi, keyin o‘zim tushuntiraman, kabi gaplar bilan qilingan turmush mana shunday ayanchli, asosan ayol kishini siz kabi arosatda qolib ketishi bilan tugaydi.
Agar eringiz mahrga uy olib beraman degan bo‘lsa, talab qilsangiz bo‘ladi. Chunki mahr erkak kishiga vojib sanaladi. Ado qilmagunicha bo‘ynida qarz bo‘lib turaveradi.
Alloh taolo «Niso» surasida: «Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering. Agar ular undan biror narsani chin ko‘ngildan tutsalar, bas, uni yenglar. Osh bo‘lsin, ofiyat bo‘lsin», degan (4-oyat).
Ushbu oyati karima mahr berish erga vojib ekanini anglatuvchi to‘rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo‘lishi bilan, mahr berish vojib bo‘ladi, agar qovushmay turib ajrashadigan bo‘lsalar ham.
Ushbu oyatda er o‘ziga xotinlikka rozi bo‘lgan ayolga mahrni og‘rinib emas, chin ko‘ngildan chiqarib berishi lozimligi uqtirilmoqda. Shu bilan birga, mahr kelinning mulkiga aylanishiga ham ishora qilinmoqda.
Eringiz mahrni nima ekanini yaxshi anglasa kerak. Undan tashqari o‘zingizni qiynamang. Alloh taolo bir qiyinchilik ortidan ikki yaxshilik berishini aytgan. Insha Alloh, yaxshi kunlar keladi. Faqat unday kunlarni sabr-matonat va go‘zal ibodatlar bilan qarshi olishingiz kerak. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.