Eridan so‘ramay boshqa odamlarga oziq-ovqat bersa bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Imom Buxoriy, imom Muslim va imom Termiziy kabi buyuk muhaddislarimiz tarafidan rivoyat qilingan hadisi sharifda:
المَرْاَۃُ رَاعِیَۃٌ عَلیٰ بَیْتِ بَعْلِہَا وَوَلَدِہٰ وَھِیْ مَسْئُوْلَۃٌ عَنْہُمْ
ya’ni: “Ayol kishi erining uyiga va farzandlariga qo‘riqchi va ularga mas’uldir”, deyilgan.
Hadisdagi qo‘riqchi va mas’ul degan gapdan murod, ayol erning molini uning ijozatisiz tasarruf qila olmaydi, degani bo‘ladi. Aks holda u xiyonat qilgan bo‘ladi. Bu ma’noni boshqa bir hadis quvvatlaydi: Abu Umoma Bohiliy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u zot aytadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
لَاتُنْفِقُ الْمَرْأَۃُ شَیْئًا مِنْ بَیْتِ زَوْجِہَا الاّ باِذْنِ زَوْجِہَا
ya’ni: “Ayol erining uyidagi narsalardan hech bir narsani uning iznisiz infoq qila olmaydi”, dedilar.
Albatta, bu holatda ayol o‘zining shaxsiy molidan infoq qilishida shar’iy monelik yo‘q. Lekin shu holatda ham infoq qilishda eri bilan maslahatlashib qilishi maqsadga muvofiq va oilaning mustahkamligiga sabab bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.