Er-xotin namoz o‘qiganda eri azon aytguncha xotini namozini boshlab oldinlab ketsa bo‘ladimi yoki yo‘qmi? Javob uchun oldindan rahmat!
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Namoz vaqti kirgan bo‘lsa, ayollar azon va takbir aytilishini kutib o‘tirmasdan namoz o‘qishlari joiz, hech qanday makruhlik yo‘q. Chunki azon erkaklar uchun sunnat qilingandir.
Bu haqida Shayx Abdulg‘ani Maydoniy (1222 – 1298 h.y / 1807 – 1881 m.y.) shunday deydilar:
(الأذان سنة) مؤكدة للرجال (للصلوات الخمس والجمعة)
“Juma va besh vaqt namoz uchun azon aytish erkaklar uchun ta’kidlangan sunnatdir” (“Al-Lubob” kitobi, Azon bobi).
“Al-Fatovo al-hindiya” kitobida shunday deyiladi:
وَلَيْسَ عَلَى النِّسَاءِ أَذَانٌ وَلَا إقَامَةٌ فَإِنْ صَلَّيْنَ بِجَمَاعَةٍ يُصَلِّينَ بِغَيْرِ أَذَانٍ وَإِقَامَةٍ وَإِنْ صَلَّيْنَ بِهِمَا جَازَتْ صَلَاتُهُنَّ مَعَ الْإِسَاءَةِ .هَكَذَا فِي الْخُلَاصَةِ .
“Ayollar azon va iqomat aytmaydilar. Agar (mabodo) jamoat bo‘lib o‘qisalar ham, azon va iqomatsiz o‘qiydilar. Agar azon va iqomat bilan o‘qisalar namozlari joiz bo‘ladi, lekin isoat (yomon ish) qilgan bo‘ladilar. “Xulosa” kitobida shunday kelgan”. Iqtibos tugadi.
Demak, erlarining azon aytish yoki aytmasligi ayollarning namoziga ta’sir qilmaydi. Lekin namoz vaqti kirganini aniq bilmoqchi, azonni tinglab, duo qilmoqchi bo‘lsalar, ixtiyor o‘zlarida, hadisi shariflarda zikr qilingan savoblarga ega bo‘ladilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.