ER XOTININI TALOQ QILSA, SO‘ZINI QAYTARIB OLOLMAYDIMI?

ID: 722

04.04.2025

299

Savol:

O‘n yillar avval erim “falon ishni qilmasang uch taloqsan” dedi. Men o‘sha paytda kasbim taqozosiga ko‘ra erim buyurgan ishni amalga oshira olmagan edim. Keyinroq erim, mayli qo‘yaver, dedi. Savolim shuki, er taloq qo‘ysa, qaytarib ololmaydimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Taloq masalasi o‘ta hassos masala bo‘lgani uchun sizlar o‘zingiz yashab turgan hududdagi masjid imomiga murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi.  Taloqni biror narsaga bog‘lab qo‘yishni “ta’liq” deyiladi. Bu haqida fiqh kitoblarimizda shunday deyiladi:

 وإذا أضافه إلى شرط وقع عقيب الشرط، مثل أن يقول لامرأته إن دخلت الدار فأنت طالق. 

“Er taloqni biror shartga bog‘lab qo‘ysa, shart topilishi bilanoq taloq voqe’ bo‘ladi. Masalan, xotiniga agar hovliga kirsang, taloqsan degani kabi. (“Hidoya” kitobi). Demak, er xotinining talog‘ini biror shartga bog‘lab qo‘ysa va u shart xotin erining nikohida turganida topilsa, shart topilishi bilanoq taloq tushadi. Er gapini qaytarib ololmaydi. Chunki er  taloqni biror shartga bog‘lab qo‘yishi, qasam ichishi kabidir. Biror kishi qasam ichsa qasamidan qayta olmaydi. Masalan, er xotiniga “Agar bugundan boshlab uyga kirsang yoki darvozadan chiqsang taloqsan (yoki uch taloqsan)” desa, aytilgan  shartlar topilishi bilan ya’ni ayol uyga kirishi bilan yoki darvozadan chiqishi bilan aytilgan taloq tushadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar