ER XOTINI BILAN AJRALSA, BOLALARIGA UY OLIB BERISHI KERAKMI?

ID: 643

04.04.2025

62

Savol:

Kishi xotini bilan ajralsa, sobiq xotini va bolalarining moddiy ehtiyojlarini ta’minlashi shartmi? Ona va bolalar uchun uy olib berishi shartmi? Sharoit tomondan uy qay darajada bo‘lishi kerak?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ajralgan xotinning iddasi o‘tgandan keyin xotinni ta’minlash erning zimmasida bo‘lmaydi (idda ichida xotinning ta’minoti erning zimmasida). Lekin ota o‘g‘il bolalarni balog‘atga yetguncha, qizlarni turmushga chiqquncha yeb-ichish, kiyinish va uy-joy bilan ta’minlashi shart. Ta’minlamasa gunohkor bo‘ladi. Bu holatda bolalar otasi bilan yashaydimi yoki onasi bilan yashaydimi farqi yo‘q. Ba’zilar ona bolani o‘zi bilan olib ketsa, ta’minotini o‘zi qilsin, degan noto‘g‘ri tushunchada yuradilar.

Bolalarini uy-joy bilan ta’minlash uchun uyni ijaraga olib beradimi yoki o‘ziga sotib olib, bolalarini qo‘yib qo‘yadimi, yoki bolalariga hadya qiladimi farqi yo‘q.

O‘g‘il bolalar o‘zini o‘zi eplay oladigan bo‘lguncha (o‘zi istinjo qila oladigan bo‘lguncha, taxminan 5-6 yoshgacha), qizlar  voyaga yetguncha (ya’ni, hayz ko‘ra boshlaguncha) ularni tarbiyalashga eng haqli shaxs onasidir (undan keyin ota haqli bo‘ladi). Lekin onasi erga tegib ketsa, bolalar otaga qaytariladi.

Bolalar yashash joyining sharoiti kamida o‘rtacha bo‘lishi kerak, yaxshi sharoit qilib, bersa, otaga savob bo‘laveradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar