Ba’zilar er-xotin yotoqxonasida namoz o‘qib va Qur’on tilovat qilib bo‘lmaydi, deyishadi. Shu haqida javob bersangiz?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Er-xotin yotoqxonasida namoz o‘qish va Qur’on qiroat qilish mumkin. Bunga hech qanday monelik yo‘q. Faqat namoz o‘qish makoni toza bo‘lsa bo‘ldi. Chunki Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam ayollarining yotoqxonalarida tahajjud va boshqa nafl namozlarni ӯqiganlar.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُا أَنَّهَا قَالَتْ: كُنْتُ أَنَامُ بَيْنَ يَدَيْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَرِجْلَايَ فِي قِبْلَتِهِ، فَإِذَا سَجَدَ غَمَزَنِي، فَقَبَضْتُ رِجْلَيَّ، فَإِذَا قَامَ بَسَطْتُهُمَا. قَالَتْ: وَالْبُيُوتُ يَوْمَئِذٍ لَيْسَ فِيهَا مَصَابِيحُ
Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning old tomonlarida, ikki oyog‘im u kishining qiblalarida bo‘lgan holda uxlar edim. Sajda qiladigan bo‘lsalar, menga tegib qo‘yar edilar. Shunda oyoqlarimni yig‘ishtirib olar, turganlarida esa yana uzatib olardim. U paytda uylarda chiroq bo‘lmas edi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Qolaversa, Alloh taolo butun yer yuzini Muhammad sallallohu alayhi vasallam va u zotning ummatlari uchun masjid qilib qo‘ygan.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: “Menga yer masjid va poklovchi qilindi. Bas, qaysi ummatimga namoz vaqti kelib qolsa, o‘qisin”, deb aytganlar. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.