Bilamizki Yusuf alayhissalomga yarim chiroy berilgan. Shu chiroy to‘liq qilib Odam alayhissalomga berilgan chunki uni alloh mukammal qilib yaratgan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham insonlarning, payg‘ambarlarning har taraflama eng zo‘ri. Savolim shuki eng chiroyli payg‘ambar bu Odam alayhissalommi yoki Muhammad sollallohu alayhi vasallammi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Eng go‘zal inson bu Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bo‘ladilar. Payg‘ambarimizning Yusuf alayhissalom borasida:
"إِذَا هُوَ قَدِ اُعْطِيَ شَطْرَ الْحُسْنِ..." (رواه الامام مسلم)
ya’ni, “Yusufga yarim go‘zallik berilgan”, deganlar (Imom Muslim rivoyatlari). Ayrim ulamolar ushbu hadisdagi "yarim go‘zallik"dan murod “Yusuf alayhissalomga Payg‘ambarimizdan boshqa go‘zallikning yarmi” ekanini ta’kidlashgan bo‘lsa, boshqa ulamolar esa: “Odam alayhissalom husnilarining yarmi” nazarda tutilgan deyishadi. Chunki Anas ibn Molik raziyallohu anhu shunday deganlar:
” لَمْ يَبْعَثِ اللَّهُ نَبِيًّا إِلا حَسَنَ الصَّوْتِ، حَسَنَ الْوَجْهِ، وَكَانَ نَبِيُّكُمْ (صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ) أَحْسَنَهُمْ وَجْهًا وَأَحْسَنَهُمْ صَوْتًا” (رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni, "Alloh yuborgan har bir payg‘ambar go‘zal yuzli va chiroyli ovozli bo‘lgan. Sohibingiz (ya’ni, Payg‘ambarimiz alayhissalom) ularning hammasidan chiroyli yuz va chiroyli ovozlidirlar" (Imom Termiziy rivoyati).
Bundan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning eng go‘zal yuzli ekanliklari kelib chiqadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.