Assalomu alaykum! 11 oylik qizalog‘im bor. O‘zim bilmagan holda, Alloh izni ila yana ikkinchi farzandimga ham homilador bo‘lib qoldim. Qizalog‘imni homilam necha oylik bo‘lgach, emizishdan chiqarishim mumkin va bu uchun menga gunoh yozilmaydimi? Hozirda homilam hali 1 yarim oylik.
Va alaykum assalom. Shariatda emizishning mukammal muddati ikki yil etib belgilangan. Biroq, bu muddatni to‘liq qilish shart emas. Ota-ona o‘zaro maslahatlashib, bir-birining roziligi bilan va bolaning sog‘lig‘iga zarar yetkazmaslik sharti bilan farzandni ikki yildan oldin ham ko‘krakdan ajratishlari joiz. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qilgan: "Agar o‘zaro rozi bo‘lib, sutdan ajratishni iroda qilsalar, ikkovlariga gunoh bo‘lmas." (Baqara surasi, 233-oyat).
Sizning holatingizda, yangi homiladorlik sababli o‘zingizga, homilangizga yoki emizikli go‘dakka biror zarar yetish xavfi bo‘lsa, bu go‘dakni ertaroq sutdan ajratish uchun uzrli sabab hisoblanadi. Agar turmush o‘rtog‘ingiz bilan maslahatlashib, uning roziligini olsangiz va qizalog‘ingizni kerakli ozuqa bilan to‘liq ta’minlay olsangiz, uni hozirdanoq emizishdan chiqarsangiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.