Emizish muddati qancha.agar muddatidan kop emizsa gunuh boʻlmaydimi
Bismillahir Rohmanir Rohim. Ona emizikli bolasini imom Abu Hanifa rahimahullohga ko‘ra ikki yarim yosh, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahimahullohga ko‘ra ikki yoshgacha emizishi mumkin. Bu eng oxirgi muddat. Er va xotin bolaning ahvolidan kelib chiqib, o‘zaro maslahat qilib, bu vaqtlardan ertaroq sutdan chiqarish ham mumkin. Ammo ikki yarim yildan keyin emizishga ruxsat berilmagan. Bu xato hisoblanadi. Chunki shariatimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra, insonning biror juzidan foydalanish harom hisoblanadi. Faqatgina emizikli bola uchun istisno tariqasida sut emishiga ruxsat berilgan. Bu borada fiqhiy manbalarimizda iboralar berilgan: وَوَقْتُ الرَّضَاعِ فِي قَوْلِ أَبِي حَنِيفَةَ - رَحِمَهُ اللَّهُ تَعَالَى - مُقَدَّرٌ بِثَلَاثِينَ شَهْرًا وَقَالَا مُقَدَّرٌ بِحَوْلَيْنِ هَكَذَا فِي فَتَاوَى قَاضِي خَانْ “Emizish vaqti – Imom Abu Hanifa rahimahullohning qavllariga ko‘ra o‘ttiz oy deb belgilangan. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahimahumalloh ikki yil deganlar. Fatovoi Qozixonda shunday deyilgan” (“Fatovoi olamgiriya” kitobi). و في شرح المنظومة الإرضاع بعد مدته حرام؛ لأنه جزء الآدمي و الانتفاع به غير ضرورة حرام على الصحيح “Sharhi manzuma” kitobida shunday deyilgan: “Emizishning belgilangan muddatidan keyin ham emizish harom hisoblanadi. Chunki sut insonning bir juzi bo‘lib, ulamolar to‘g‘risi shu degan gapga ko‘ra zaruratsiz inson juzidan foydalanish harom sanaladi. (“Majmaul anhur” kitobi). Shuning uchun bolani emizishda muddatga ahamiyat berish lozim. Qolaversa, bola ikki yarim yoshgacha ovqat yeydigan bo‘lib qoladi. Sut emishga zarurat qolmaydi. Agar bola nimjon yoki boshqa kasallik tufayli faqat sut bilan oziqlansa, bu holat zaruratga aylanib, to sutdan boshqa narsa yeya oladigan bo‘lgunicha ikki yarim yoshdan keyin ham emizish joiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.