Bismillahir Rohmanir Rohim. Nasab sababli ba’zi ayollarni nikohlash harom bo‘lgani kabi razo’ (sut emizish) sababli ham mahramlik sobit bo‘ladi. Ya’ni bir bola bir ayolni sutini emsa, o‘sha ayol unga sut ona bo‘ladi va mazkur ayolning eri unga sut ota bo‘ladi.
Emizish yo‘li bilan nikohi abadiy harom qilingan ayollar quyidagilar: Qur’oni karimada bu toifadagi ayollardan faqat ikki toifasi – emish tufayli aka bo‘lganlar va emish tufayli opa-singil bo‘lganlar zikr qilingan. Qolganlari esa Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamning umumiy qoidaga aylanib qolgan hadisi shariflarida zikr qilingan: «Nasab tufayli harom bo‘lganlar emish tufayli ham harom bo‘lurlar». Ya’ni nasab aloqasi bo‘ycha qaysi toifa ayollarning nikohi harom bo‘lsa, emizish orqali (birovning bolasini begona ayol emizishi tufayli) ham o‘sha toifa ayollarning nikohi harom bo‘ladi. Misol uchun, tuqqan onasining nikohi harom bo‘lganidek, emizgan onasining ham nikohi harom bo‘ladi. Tug‘ishgan singlisining nikohi harom bo‘lga¬nidek, emikdosh singlisining nikohi ham harom bo‘ladi va hokazo. Shu e’tibordan quyidagilar harom bo‘ladi:
- Emizgan ona. Bunga momolar ham kiradi.
- Emikdosh qiz. Bir odamning xotini begona qizni emizsa, o‘sha qiz emizgan ayolning eriga ham qiz bo‘ladi. Chunki ayolning suti eri bilan bo‘lgan jinsiy aloqasi, undan bo‘lgan homilasi tufayli paydo bo‘lgan. Shuning uchun erkak kishi ham xotinini emgan bolaga sut orqali bog‘lanadi. Bunga emish tufayli qizning qizi ham, o‘g‘ilning qizlari ham kiradi. Ya’ni kishiga uning emikdosh qiz nabiralari nikohi ham haromdir.
- Emikdosh opa-singillar. Musulmon kishi o‘zi bilan emikdosh bo‘lgan opa-singillariga uylanishi haromdir. Bu xildagi opa-singillar emish yo‘li bilan turli holatlarda yuzaga kelishi mumkin. 1. Bir bolaning onasini begona qiz emsa, ular orasida emikdoshlik sababli opa-singillik yoki opa-ukalik paydo bo‘ladi. 2. Bir bola begona ayolni emsa, ayolning tuqqan qizlari bolaning emikdosh opa-singillariga aylanadi. 3. Bir bola va bir qiz boshqa bir ayolni emsalar ham, emikdosh aka-singil bo‘ladi.
- Emikdosh ammalar. Bir o‘g‘il bola begona ayolni emsa, o‘sha ayolning erining opa-singillari unga emikdosh ammalarga aylanadilar va bolaning ularga uylanishi harom bo‘ladi.
- Emikdosh xolalar. Bir o‘g‘il bola begona ayolni emsa, o‘sha ayolning opa-singillari mazkur bolaga emikdosh xolaga aylanadilar va ularga uylanishi harom bo‘ladi.
- Emikdosh aka-ukalarning qizlari. Bola o‘z onasini emgan begona bolalar bilan, o‘zini emizgan begona ayolning bolalari bilan va o‘zi bilan birga boshqa begona ayolni emishgan bolalar bilan emikdosh aka-ukaga aylanadilar. Ana o‘sha emikdosh aka-ukalarga bir-birlarining qizlariga uylanishlari harom bo‘ladi.
- Emikdosh opa-singillarning qizlari. Emikdosh opa-singillar kim ekanligini avvalda aytib o‘tdik. Ularning qizlariga uylanish ham haromdir.
- Emikdosh qaynonalar. Bunda xotinining emizgan onasi va momosi ko‘zda tutilgan. U xotinga aqdi nikoh qilishi bilan, xuddi nasab jihatidan unga ona va momo bo‘lgan ayollar uning eriga harom bo‘lganidek, ayolning emikdosh ona va momolari ham harom bo‘ladilar. Bunda aqdi nikoh bo‘lsa, bas. Ya’ni u xotin bilan qovushmay turib ajrashib ketsa ham, nikohi harom bo‘laveradi.
- Emikdoshlik bo‘yicha o‘gay ona va momolari. Boshqacha qilib aytganda, bir kishiga uni emizgan ayol erining boshqa xotinlari va ularning onalari ham harom bo‘ladi.
- Emikdosh farzandlarning xotinlari. Bir odamning ayoli emizgan bolaning xotini uning eriga harom bo‘ladi. Chunki bu holda emikdosh o‘g‘ilning xotini, u erkakka emikdosh kelin bo‘ladi. Nasabiy kelinga uylanish abadiy harom bo‘lganidek, emikdosh kelinga uylanish ham abadiy haromdir.
- Xotinining emizgan qizi. Bir kishi xotin oldi. U ayol boshqa eridalik chog‘ida bir qizni emizgan edi. O‘sha qiz yangi erga emikdoshlik bo‘yicha o‘gay qiz bo‘ladi. Agar erkak mazkur xotin bilan eru xotin bo‘lib, qovushib yashagan bo‘lsa, emikdosh o‘gay qiz unga abadiy harom bo‘ladi. Agar xotinga aqdi nikoh qilib turib, birga yashamay turib ya’ni jimo’dan oldin ajrashib ketsa, uning emizgan qiziga uylansa, bo‘ladi. Vallohu a’lam.