Umra ziyoratiga borganimizda ehromdan chiqish asnosida boshni turli joylaridan bir nechta soch tolalarini qisqartirib, ehromdan chiqish holatlariga guvohi bo‘ldik. Aslida sochni eng kamida qancha miqdorda qisqartirish kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Haj yoki umra amallarini tugatgandan keyin, sochning har joyiga bir necha qaychi urib qo‘yish bilan kishi ehromdan chiqqan bo‘lmaydi. Yo sochning hammasi olinadi, yoki sochining hamma joyidan barmoqning bir bo‘g‘ini miqdorida (taxminan 3 sm) qisqartiriladi. Ayollar uchun faqat qisqartirish bor. Ular hamma sochini jamlab, uchidan bir bo‘g‘in uzunligida qisqartiradi. Jumhur ulamo nazdida haj yoki umrada sochni oldirish yoki qisqartirish savobli ibodatdir. Bu haqida Alloh taolo shunday deydi:
{ لَتَدْخُلُنَّ الْمَسْجِدَ الْحَرَامَ إِنْ شَاءَ اللَّهُ آمِنِينَ مُحَلِّقِينَ رُءُوسَكُمْ وَمُقَصِّرِينَ }
ya’ni: “Masjidul-haromga emin-erkin, boshlaringizni (sochlaringizni) qirdirgan va (yoki) qisqartirgan hollaringizda qo‘rqmasdan kirursiz, inshoalloh” (Fath surasi, 27-oyat).
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam cochini oldipganlapga pahmat va mag‘fipat co‘pab ych mapta, qicqaptipganlapga esa bip mapta dyo qilganlap. Shuning uchun cochni to‘la oldirish qisqartirishdan afzal bo‘ladi.
Soch oldirish yoki qisqartirish hajda hayit kyni tosh otib, qypbonlik co‘yib bo‘lgandan keyin, umrada esa tavof va sa’yni qilib bo‘lgandan keyin bajariladi.
“Raddul muhtor” kitobida ehromdan chiqishda soch oldirish haqida shunday deyiladi:
( قَوْلُهُ بِأَنْ يَأْخُذَ إلَخْ ) قَالَ فِي الْبَحْرِ : وَالْمُرَادُ بِالتَّقْصِيرِ أَنْ يَأْخُذَ الرَّجُلُ وَالْمَرْأَةُ مِنْ رُءُوسِ شَعْرِ رُبُعِ الرَّأْسِ مِقْدَارَ الْأُنْمُلَةِ كَذَا ذَكَرَهُ الزَّيْلَعِيُّ ، وَمُرَادُهُ أَنْ يَأْخُذَ مِنْ كُلِّ شَعْرَةٍ مِقْدَارَ الْأُنْمُلَةِ كَمَا صَرَّحَ بِهِ فِي الْمُحِيطِ .وَفِي الْبَدَائِعِ قَالُوا : يَجِبُ أَنْ يَزِيدَ فِي التَّقْصِيرِ عَلَى قَدْرِ الْأُنْمُلَةِ حَتَّى يَسْتَوْفِيَ قَدْرَ الْأُنْمُلَةِ مِنْ كُلِّ شَعْرَةٍ بِرَأْسِهِ لِأَنَّ أَطْرَافَ الشَّعْرِ غَيْرُ مُتَسَاوِيَةٍ عَادَةً .قَالَ الْحَلَبِيُّ فِي مَنَاسِكِهِ وَهُوَ حَسَنٌ ا هـ وَفِي الشُّرُنْبُلَالِيَّةِ : يَظْهَرُ لِي أَنَّ الْمُرَادَ بِكُلِّ شَعْرَةٍ أَيْ مِنْ شَعْرِ الرُّبُعِ عَلَى وَجْهِ اللُّزُومِ وَمِنْ الْكُلِّ عَلَى سَبِيلِ الْأَوْلَوِيَّةِ
ya’ni: “ “Bahrur roiq” kitobi muallifi aytadilar: “Sochni qisqartirish degani – erkak va ayol (kamida) boshning to‘rtdan bir qismidagi sochning uchidan barmoq bo‘g‘ini miqdoricha olishdir. Imom Zayla’iy rahimahulloh shunday deganlar. Uning murodi har bir soch tolasidan bir bo‘g‘in miqdoricha olishdir. Buni “Muhit” kitobi muallifi ochiq aytganlar”. “Badoi’us sanoye’” kitobida aytiladi: “Sochni qisqartirishda har bir soch tolasidan olinadigan miqdor to‘liq bo‘lishi uchun bir bo‘g‘in miqdoridan ziyoda qilish vojibdir. Chunki odatda sochning hamma tomoni bir xil bo‘lmaydi (ba’zi joylari bir bo‘g‘indan kalta bo‘lishi mumkin)”.
Imom Halabiy rahimahulloh “Manosik” nomli kitoblarida shu ish (bir bo‘g‘indan ziyodaroq olish)ni yaxshi deb bilganlar. Shurunbuloliy rahimahulloh aytadilar: “Menga ravshan bo‘lgani shuki, har bir soch tolasidan (bir bo‘g‘in) olinadi degani, sochning to‘rtdan bir qismidan bir bo‘g‘in olish bo‘lib, bu vojib. Boshdagi hamma sochdan olish esa avlodir”. Agar soch bir bo‘g‘indan qisqa bo‘lsa, uni qisqartirib bo‘lmaydi, balki hammasini oldirish vojib bo‘ladi. Soch oldirib ehromdan chiqqach, mo‘ylab va tirnoqlarni olish ham mustahabdir. “Fatovoi hindiya” kitobida shunday deyiladi:
وَإِذَا جَاءَ وَقْتُ الْحَلْقِ وَلَمْ يَكُنْ عَلَى رَأْسِهِ شَعْرٌ بِأَنْ حُلِقَ قَبْلَ ذَلِكَ أَوْ بِسَبَبٍ آخَرَ ذَكَرَ فِي الْأَصْلِ أَنَّهُ يُجْرِي الْمُوسَى عَلَى رَأْسِهِ
“Soch oldirish vaqti kelganda boshda soch bo‘lmasa, masalan oldinroq oldirgan yoki boshqa sabab bilan tushib ketgan bo‘lsa, (Imom Muhammadning) "Asl" nomli kitobida aytilishicha boshiga ustara (yoki soch olish mashinkasi)ni yuritib qo‘yaveradi”.
"Fatovoi hindiya" kitobining boshqa o‘rnida shunday deyilgan: "Ehromdan chiqmoqchi bo‘lgan kishining boshiga, eng sahih qavlga ko‘ra, soch bo‘lmagan holatda ham ustarani yuritib qo‘yish vojib hisoblanadi". Demak, ehromdan chiqishda sochning uch-to‘rt joyiga qaychi urib qo‘yish bilan vojib bo‘lgan soch oldirish amali bajarilgan (ya’ni, ehromdan chiqqan) bo‘lmaydi va keyin hoji ehromda man qilingan ishlarni qilishi bilan jinoyat yuzaga chiqib, gohida jonliq so‘yishga to‘g‘ri keladi. Balki sochni hammasini oldirish yoki sochining hamma joyidan bir bo‘g‘in miqdoricha qisqartirish vojibdir. Kattagina mablag‘ va jismoniy mashaqqatlar evaziga qilinadigan haj va umra ibodatlarini ozgina beparvolik bilan nuqsonli qilib qo‘ymaylik. Ibodatlarimiz shariatga muvofiq bo‘lishi uchun g‘ayrat va himmat ko‘rsataylik. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.