EHROMDAGI ODAM KAMAR TAQSA BO‘LADIMI?

ID: 283

04.04.2025

58

Savol:

Haj va umraga borgan odam, ehromga kirganda izorni ushlab turishi uchun kamar taqsa bo‘ladimi? Ridosini tushib ketmaydigan qilib magnit yoki shunga o‘xshagan narsalar bilan mahkamlab olsa bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ehromdagi odamga bir nechta taqiqlangan ishlar bor. O‘sha taqiqlangan ishlardan biri — ehromda tikilgan kiyim kiyish. Oddiy kamar, garchi tikilgan kiyim bo‘lmasada, biroq unga o‘xshab izorni ushlab turadi. Shuning uchun agar izorni mahkam ushlash maqsadida kamar taqsa, makruh. Lekin kamarda hamyon bo‘lsa va unga nafaqa (pul) solib beliga bog‘lab olsa, buni zarari yo‘q.

“Ehromdagi odam o‘zining nafaqasi yoki boshqa kishining nafaqasi solingan hamyonli kamar taqishining zarari yo‘q. Shu o‘rinda kamar ilgakli yoki charm tasmali bo‘lsin farqi yo‘q. Oisha onamizdan ehromdagi odam hamyonini qanday olib yurishi haqida so‘ralganida: “Nafaqangni (belingga) mahkam bog‘lab ol”, dedilar. Bu joyda Oisha onamiz hukmni mutlaq aytdilar, tafsir qilmadilar.

Ibni Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ehromdagi odam nafaqa solingan hamyonini beliga bog‘lashiga ruxsat berdilar.

Bu gapga tobe’inlardan Sa’id ibni Jubayr, Ato, Tovus raziyallohu anhumlar yurganlar. Chunki hamyon va kamarning o‘ralishi izorning o‘ralgani kabi bo‘ladi (ya’ni tikilgan kiyim kiyishga o‘xshamaydi) (“Bado’us-sanoi’” kitobi).

“Ehromdagi odam ridosini tugmalasa, gunohkor bo‘ladi. Ehromdagi odam izorini biror ip va shunga o‘xshash narsalar bilan bog‘lasa ham, ridosini tugmalagani kabi bo‘ladi va bu tikilgan kiyimni kiyishga o‘xshab qoladi. Chunki tugmalash sababli izorni yechilib ketishidan saqlab turishga hojat qolmaydi. Hamyonni belga bog‘lash bunga o‘xshamaydi. Chunki hamyon odatda izorni ichidan bog‘lanadi. Shunday ekan hamyonni belga bog‘lash: undagi nafaqani saqlash uchun, izorni mahkam ushlash uchun emas. Izorni ichidan yoki ustidan hamyonda pulini saqlash niyatda bog‘lasa buni zarari yo‘q. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ehrom kiygan kishining izorini ustidan ip bog‘lab olganini ko‘rib: “Bu ipingni tashlagin”, deganlar (“Raddul muhtor” va “Mabsut” kitoblari).

Xulosa: Ehromdagi odam kamar taqishdan maqsadi, undagi hamyonga nafaqa solish va uni o‘zi bilan ehtiyot qilib yurish bo‘lsa, buni zarari yo‘q. Biroq kamar taqishdan maqsad izorni mahkam ushlab turish bo‘lsa, makruh bo‘ladi, lekin qon vojib bo‘lmaydi.

“Muhrim izor va ridosini tugmalasa, yoki to‘g‘nagich bilan mahkamlasa, yoki izorini bog‘lab olsa gunohkor bo‘ladi. Lekin unga qon vojib bo‘lmaydi (“Durrul- muxtor” kitobi).

Muhrim ridosini to‘g‘nog‘ich bilan jamlamaydi (“Mabsut” kitobi).

Xulosa: Muhrim ehromdalik holatida ridosiga har xil tugma va shunga o‘xshash kiyimni go‘yo tikilganday mahkam ushlab turadigan narsalar bilan mahkamlash makruhdir. Lekin bu holat qon chiqarishni vojib qilmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar