EHROMDAGI AYOL SURMA VA QALAM QO‘YSA BO‘LADIMI?

ID: 192

04.04.2025

34

Savol:

Ehromdagi ayol surma, qalam qo‘ysa bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ehromdagi kishi xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin ko‘ziga surma qo‘yishi joiz. Bu haqida “Badoye’” kitobida quyidagicha keltirilgan:

والكحل ليس بطيب، وللمحرم أن يكتحل بكحل ليس فيه طيب

“Surma xushbo‘ylik emas. Ehromdagi kishi xushbo‘y aralashtirilmagan surma ishlatishi mumkin”.

Shuning uchun agar surmaga xushbo‘ylik aralashtirilgan bo‘lsa, undan foydalanish joiz bo‘lmaydi. Ayollar qoshiga qalam qo‘yishi ham unda bir xushbo‘ylik bo‘lmagani uchun mumkin bo‘ladi. Lekin, ziynatlanish ma’nosida surmadan ham, qalamdan ham foydalanmaslik afzaldir. Shunday bo‘lsada, biror ayol ziynat ma’nosida surma yoki qalam qo‘ygan bo‘lsa, unga biror narsa vojib bo‘lmaydi. Qolaversa, ko‘zdagi biror kasallik tufayli davo ma’nosida surmadan foydalanish joizligi hadislarda kelgan. Jumladan: “Sahih Muslim” kitobida Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

فإنَّ عُثْمَانَ رَضِيَ اللَّهُ عنْه حَدَّثَ، عن رَسولِ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عليه وَسَلَّمَ في الرَّجُلِ إذَا اشْتَكَى عَيْنَيْهِ وَهو مُحْرِمٌ، ضَمَّدَهُما بالصَّبِرِ.

“Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan ko‘zi og‘rigan ehromdagi kishi haqida (Hazrati Usmon) hadis aytdilar. U kishi ko‘zlariga sibr (achchiq daraxtning suvi)dan surtib qo‘yadi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar