Ehrom holatida rayhonni hidlab qo‘ydim. Nima bo‘ladi, biror narsa lozim bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Agar ehromdagi inson rayhon yoki shu kabi xo‘shbo‘y narsani hidlasa, bu makruh bo‘ladi. Lekin uning zimmasiga hech narsa lozim bo‘lmaydi. Bu borada “Badoius sanoi’” kitobida shunday keladi:
وَيُكْرَهُ لِلْمُحْرِمِ أَنْ يَشُمَّ الطِّيبَ وَالرَّيْحَانَ كَذَا رُوِيَ عَنْ ابْنِ عُمَرَ وَجَابِرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّهُمَا كَرِهَا شَمَّ الرَّيْحَانِ لِلْمُحْرِمِ ، وَعَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّهُ لَا بَأْسَ بِهِ ، وَلَوْ شَمَّهُ لَا شَيْءَ عَلَيْهِ عِنْدَنَا
“Ehromdagi kishi xushbo‘ylik yoki rayhonni hidlashi makruhdir. Ibn Umar va Jobir roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinishicha, ular ehromdagi kishining rayhonni hidlashini makruh sanashgan. Ibn Abbos roziyallohu anhu esa zarari yo‘q deganlar. Uni hidlasa zimmasiga hech narsa vojib bo‘lmaydi”.
وَلَا يَلْزَمُهُ شَيْءٌ بِشَمِّ الرَّيْحَانِ وَالطِّيبِ وَالثِّمَارِ الطَّيِّبَةِ مَعَ كَرَاهَةِ شَمِّهِ كَذَا فِي غَايَةِ السُّرُوجِيِّ شَرْحِ الْهِدَايَةِ
“Rayhon, xushbo‘ylik va xushbo‘y mevalarni hidlash bilan hech narsa lozim bo‘lmaydi. Lekin hidlash makruh bo‘ladi. Jumladan, “Hidoyaning sharhi G‘oyatus surujiya”da ham shunday kelgan” (“Al-Fatovo al-hindiyya” kitobi). Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.