Haj yoki umra paytida, ehromdagi kishi hidli mevalar, masalan, apelsin yoki mandarinni iste'mol qilsa joizmi? Sadaqa yoki jarima vojib bo'lmaydimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Ehromdagi kishi apelsin va mandarin kabi xushbo'y hidli mevalarni bemalol iste'mol qilishi joiz. Buning uchun unga hech qanday jarima yoki sadaqa vojib bo'lmaydi va bu ish makruh ham sanalmaydi. "Badoe'us Sanoe'" kitobida quyidagi qoida keltiriladi:
قَالَ أَصْحَابُنَا: إنَّ الْأَشْيَاءَ الَّتِي تُسْتَعْمَلُ فِي الْبَدَنِ عَلَى ثَلَاثَةِ أَنْوَاعٍ: ... وَنَوْعٌ لَيْسَ بِطِيبٍ بِنَفْسِهِ لَكِنَّهُ أَصْلُ الطِّيبِ، يُسْتَعْمَلُ عَلَى وَجْهِ الطِّيبِ، وَيُسْتَعْمَلُ عَلَى وَجْهِ الْإِدَامِ كَالزَّيْتِ وَالشَّيْرَجِ، فَيُعْتَبَرُ فِيهِ الِاسْتِعْمَالُ، فَإِنْ اُسْتُعْمِلَ اسْتِعْمَالَ الْأَدْهَانِ فِي الْبَدَنِ يُعْطَى لَهُ حُكْمُ الطِّيبِ، وَإِنْ اُسْتُعْمِلَ فِي مَأْكُولٍ أَوْ شُقَاقِ رِجْلٍ لَا يُعْطَى لَهُ حُكْمُ الطِّيبِ كَالشَّحْمِ.
Ashoblarimiz aytadilar: Badanga ishlatiladigan narsalar uch turlidir... Uchinchi tur: O'z-o'zidan xushbo'y bo'lmagan, lekin xushbo'ylik uchun asos bo'ladigan narsalar. Ular xushbo'ylanish maqsadida ham, taomga qo'shiladigan nonxurush sifatida ham ishlatiladi, masalan, zaytun yog'i va kunjut yog'i kabi. Bunday narsalarning hukmi ularning ishlatilish maqsadiga qarab belgilanadi. Agar badanga yog' surtish kabi ishlatilsa, unga xushbo'ylik hukmi beriladi. Agar eyiladigan narsada yoki oyoq yoriqlarida (davolanish uchun) ishlatilsa, unga (ikkinchi turdagi) charvi (yog') kabi xushbo'ylik hukmi berilmaydi.
Shunga ko'ra, apelsin va mandarin kabi mevalarning asl maqsadi iste'mol bo'lgani uchun, garchi hidi xushbo'y bo'lsa-da, ularni eyish ehrom holatida jinoyat hisoblanmaydi. Vallohu a'lam.