Bir xonadonda bir nechta olma daraxtlari bor ekan. Surishtirib bilinsa, bu daraxtlar nihollik vaqtida o‘g‘irlab olib kelingan ekan. Xonadon egasi qilgan xatosini tushunib, nima qilishni bilmayapti. Kesib tashlasinmi yoki boshqa nimadir qilish mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Dinimizda hech kim o‘zgaga tegishli narsani uning ruxsatisiz yeyishi, ishlatishi mumkin emas. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollollohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersa, halol bo‘ladi”. (Imom Ahmad rivoyati). O‘g‘irlangan narsalar haqiqiy egasining haqi hisoblanadi. Shuning uchun bu odam nihol egasini topib, daraxtni ham, mevasini ham qaytarishi va qilgan o‘g‘irligi uchun istig‘for aytishi lozim bo‘ladi. Yoki qiymatini berib, egasining roziligi bilan mazkur daraxtlardan foydalanishi ham mumkin.
Agar egasini topishning iloji bo‘lmasa, daraxtni ko‘chirib, biror umumiy foydalanish joylariga, masalan, ko‘cha, bolalar bog‘chasi, maktablarga ekib bersin. Ana shunda savobi egasiga borib turadi. Bu haqida fiqhiy manbalarimizda mana shunday deyilgan:
مَنْ عَلَيْهِ دُيُونٌ وَمَظَالِمُ جَهِلَ أَرْبَابَهَا وَأَيِسَ مِنْ مَعْرِفَتِهِمْ فَعَلَيْهِ التَّصَدُّقُ بِقَدْرِهَا مِنْ مَالِهِ وَإِنْ اسْتَغْرَقَتْ جَمِيعَ مَالِهِ وَيَسْقُطُ عَنْهُ الْمُطَالَبَةُ فِي الْعُقْبَى
“Biror kishining zimmasida qarzlar yoki zulm bilan olingan narsalar bo‘lsa va ularning egalari topilmasa, garchi barcha mol-mulkiga teng miqdorda bo‘lsa ham olgan narsalari miqdoricha sadaqa qiladi. Shu bilan u oxiratdagi javobgarlikdan qutiladi” (“Tanvirul absor” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.