Musofir kishi bilan muqim kishini peshin namozi qazo bo‘lsa qaysi birlari imom bo‘lib namozni ado etadi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Musofir bilan muqimning to‘rt rakatlik namozi qazo bo‘lsa, muqim musofirga imom bo‘la olmaydi. Bu borada “Muxtasarul-viqoya” kitobida shunday zikr qilingan:
مُسَافِرٌ أَمَّهُ مُقِيمٌ في الوَقْتِ يُتِمُّ وبَعْدَهُ لا يَؤُمُّهُ وَلَوْ أَمَّهُ بَطَلَ اقْتِدَاؤُهُ (مختصر الوقاية)
Ya’ni: “Musofirga muqim namozning vaqtida imomlik qilsa, musofir to‘liq o‘qiydi. Ammo muqim kishi namozning vaqti chiqqanidan keyin musofirga imomlik qila olmaydi. Agar imomlik qilsa, musofirning iqtidosi bekor bo‘ladi”. (“Muxtasarul-viqoya” kitobi).
Demak, muqim kishi musofirga qazo namozida imomlik qila olmaydi. Ammo aksincha, ya’ni musofir muqimga imomlik qilsa joiz bo‘lib, bu haqida shunday deyilgan:
وفي عَكْسِهِ أَتَمَّ المُقِيمُ وقَصَرَ المُسَافِرُ قَائِلاً نَدْباً أَتِمُّوا صَلاَتَكُمْ فَإِنِّي مُسَافِرٌ (مختصر الوقاية)
“Uning aksida esa, ya’ni muqimga musofir imomlik qilsa, muqim to‘liq o‘qiydi va musofir qasr qiladi. Musofir namozni tugatgach: “Namozingizni to‘liq qilib oling. Chunki men musofirman”, deyishi mandub (mustahab)dir. (Muxtasarul-viqoya).
Shunga ko‘ra, musofir vaqtlik namozda ham, qazo namozda ham muqimga imomlik qilaveradi va ikki rakatdan keyin salom berib, namozini tugatadi. Muqim esa, qolgan ikki rakatini turib o‘qib oladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.